Oila – avlodlar davomiyligi, qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni, qolaversa, xalqimiz ma’naviy merosining avloddan avlodga o‘tishini ta’minlavchi omildir.
Har bir inson oila muhitida kamolga yetar ekan, oilaning barqarorligi, mustahkamligi va farovonligi jamiyat taraqqiyotining eng asosiy shartlaridandir.
Zero, oila har bir inson uchun baxti va saodati, orzu va havaslari, maqsad va muddaolarini birlashtiradigan, quvonchli yoki mushkul vaziyatlarda suyana oladigan kichik bir vatan hisoblanadi.
Oilalardagi hamjihatlikni ta’minlash, bu borada ayollarga psixologik ko‘mak berish maqsadida Transport vazirligi markaziy apparatida xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan “Oila anatomiyasi” mavzusida psixologik trening bo‘lib o‘tdi.
Unda yuqori malakali psixolog Durdona Akbarxodjayeva o‘zining maxsus mualliflik dasturi bilan ishtirok etdi. Tadbir davomida oilaviy turmushdagi inqirozlarni yengish, har bir oilada totuvlik hukm surishi uchun qanday yo‘l tutish, bolalarning kichik va katta yoshdagi inqirozlari kabi masalalar muhokama etildi.
Trening davomida vazirlikda faoliyat olib borayotgan ayol xodimlarga psixolog tomonidan amaliyotdagi holatlar misolida tegishli tavsiyalar hamda ularni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berildi.