Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Ona tilim faxrim, g‘ururim!

Chop etish Sahifani ulashish
19.10.2022 4432 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirlik markaziy apparati hamda hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari xodimlari ishtirok etishdi.

 
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan “Ona tilim faxrim, g‘ururim” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida Toshkent davlat transport universiteti o‘zbek tili kafedrasi o‘qituvchisi Filologiya fanlari nomzodi dotsent Oybibi Iskandarova hamda Temir yo‘l transporti muhandisligi fakulteti o‘qituvchisi Malika Abdullayeva ona tilimizning o‘ziga xosligi, bugungi kunda davlat tilining nufuzi va maqomini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
 
Bugun 8 milliarddan oshgan dunyo aholisi 6 mingdan ortiq tilda gaplashadi. Bu tillarning bor-yo‘g‘i yuzga yaqini davlat tili maqomiga ega. Ular orasida davlat tili sifatida o‘zbek tilining ham borligi, albatta, tilimizning nufuzini ko‘rsatadi.
 
Biroq, bugungi globallashuv jarayonida, axborot texnologiyalari taraqqiyoti davrida ona tilimizning sofligini saqlab qolish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Aynan shuning uchun ham ona tilimizni milliy boylik sifatida asrab-avaylab, uni kelgusi avlodlarga yetkazish masalasi juda muhim jarayondir.
 
“Negaki til orqali millatning ma’naviyati, madaniyati, bebaho qadriyatlari namoyon bo‘ladi. Shuning uchun tilimizning sofligini asrash har birimizning muqaddas burchimizdir”- deya ta’kidladi dotsent Oybibi Iskandarova.