18-yanvar kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ vakillari ishtirokida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasini muvofiqlashtirish bo‘yicha qo‘shma Loyiha idorasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ofisning maqsadi loyihani amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishdan iborat.
Bugungi kunga qadar “Qirg‘iziston temir yo‘li” MK” davlat korxonasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha barcha zarur dastlabki chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xitoy temir yo‘l qurilish korporatsiyasining Birinchi loyiha-qidiruv instituti loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish ustida ishlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 14-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Qirg‘iziston Respublikasi Transport va kommunikatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi o‘rtasida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha uch tomonlama anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolangan edi.