Mamlakatimizning tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish va tashqi savdo hajmini oshirishda xalqaro bozorlarga chiqish uchun logistika muammolarini muvaffaqiyatli hal etish muhim omil sanaladi. Xususan, dengiz portlariga chiqish hamda bu yo‘nalishda qulay transport koridorlarini yaratish O‘zbekiston uchun strategik vazifa.
Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan ushbu yo‘nalishdagi sa’yi-harakatlarni rivojlantirish masalasiga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Xususan, joriy yilning 4 - mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidlagandi.
Aynan mazkur yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qo‘shni davlatlar bilan transport yo‘laklarini yanada diversifikatsiya qilish, mamlakatimizning tranzit salohiyatini oshirish, yuklarni tranzit qilish tartibini soddalashtirish uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi eksport va import yuklarining Sharqiy Osiyo davlatlaridan uzluksiz logistikasini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi, Afg‘oniston va Pokiston Islom Respublikasining yirik transport-logistika kompaniyalari, Xalqaro avtomobil tashuvchilari uyushmasi hamda transport va bojxona idoralari vakillari ishtirokida 26-27 mart kunlari Termiz shahrida transport masalalari bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruh uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston davlatlari hududi bo‘ylab avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar va ularni hal etish masalalari muhokama etilmoqda.