Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

"O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya" muloqot formatining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Chop etish Sahifani ulashish
02.08.2022 5280 Yangiliklar

 

Bugun, 2 avgust kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” muloqoti birinchi yig‘ilishida uch mamlakatning tashqi siyosat, savdo, iqtisodiyot va transport masalalari bo‘yicha mas’ul vazirliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov ushbu muloqotning ta’sis etilishi xalqaro munosabat va global iqtisodiyotda ro‘y berayotgan jarayonni hisobga olganda har qachongidan dolzarb ekanini qayd etdi.

O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya davlatlari rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan muloqot, yuqori darajadagi ishonch o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyiliga asoslangan munosabatni rivojlantirishda hal qiluvchi omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Mintaqaviy va xalqaro siyosat, savdo, iqtisodiyot, investitsiya va transport sohalaridagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalasi butun anjuman davomida muhokama markazida turdi.

So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning Ozarbayjon bilan tovar aylanmasi yetti barobar, Turkiya bilan esa ikki yarim barobar ko‘paygan. Ushbu ijobiy an’ana izchil davom etishiga ishonch bildirildi.

– Ozarbayjon va Turkiya bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha erishilgan ko‘rsatkich hali mavjud salohiyatga mos emas, – dedi V.Norov. – Binobarin, o‘zaro manfaatli sheriklik imkoniyatidan to‘liq foydalanish uchun barcha sharoit muhayyo.

“Boku – Tbilisi – Kars” temir yo‘li tranzit salohiyatidan foydalanish mamlakatimiz uchun muhim ahamiyatga ega ekani yakdil ma’qullandi.

Qayd etilganidek, yaqindagina poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferentsiyada “Tolibon” harakati vakillari “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish Afg‘onistonning barqarorligini ta’minlashga yordam berishini e’tirof etdi.

– Mazkur loyiha amalga oshsa, Markaziy Osiyo orqali bir necha yirik mintaqa o‘rtasida yuk tashish muddati va narxi sezilarli darajada kamayadi, – deya so‘zini davom ettirdi respublikatimiz tashqi siyosat idorasi yetakchisi. – Mamlakatlarimiz umumiy aholisi, qariyb, 1,9 milliard, yalpi ichki mahsuloti 3,5 trillion dollar bo‘lgan Janubiy Osiyo bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib borish imkoni paydo bo‘ladi.

Yig‘ilishda Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov Ozarbayjon tomoni umumiy qarash va o‘zaro hurmatga asoslangan bunday mintaqaviy platformani qo‘llab-quvvatlashi va faol ilgari surishini bildirdi.

– Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi mushtarak tarix va madaniyat bilan chambarchas bog‘liq, – dedi J.Bayramov. – Ayni holat uch tomonlama strategik aloqani yanada rivojlantiradi.

Bu jarayonda yoshlarimizni umumiy tarixiy meros bilan tanishtirish, qolaversa, Toshkent, Boku va Anqara o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqani mustahkamlash uchun turkum sayohat dasturlarini ishlab chiqish va tezroq amalga oshirish zarur.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li, o‘z navbatida, Osiyo va Yevropa ulkan savdo-sotiq maydoni ekaniga e’tibor qaratib, davlatlarimiz ushbu tijorat oqimi markazida turishi kerakligini ta’kidladi.

– O‘rta yo‘lak va Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan tranzit yo‘llari iqtisodiy samaradorligi va xavfsizligi bilan ajralib turadi, – dedi qardosh Turkiya tashqi siyosat mahkamasi rahbari. – Qadimiy va juda muhim savdo chizig‘i – Ipak yo‘lining qayta tiklanishi turkiy dunyoni yanada jipslashtiradi.

Uchrashuvda turli yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif, tashabbuslar ishlab chiqildi.

Yig‘ilish yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.