Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston - Qirg‘iziston: savdo-iqtisodiy va transport hamkorligini kengaytirish yo‘lida

Chop etish Sahifani ulashish
04.09.2020 6884 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov va Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Erkin Asrandyiev o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokara bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiya, savdo va transport-logistika sohalarida sheriklikni kengaytirish istiqboli ko‘rib chiqildi, o‘zaro manfaatli hamkorlikning aniq maqsadlari belgilandi.

Investitsiya sherikligini faollashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi choralar to‘g‘risida konstruktiv fikr almashilishi natijasida tomonlar O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirishni boshlashga kelishib oldilar.

Tomonlar savdo aylanmasi o‘sishi sur’atining ijobiy dinamikasini qayd etdilar: so‘nggi uch yilda savdo aylanmasi qariyb besh baravar o‘sib, 2019 yilda 818,4 million dollarni tashkil etdi. Ayni yo‘nalishda yaqin orada o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish uchun pandemiyaning salbiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha birgalikda choralar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Qirg‘iziston Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.

Transport sohasida hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 10,7 foizga o‘sib, 1,47 million tonnani, avtomobil yuk tashish hajmi esa 38,2 foizga o‘sib, 1,49 million tonnani tashkil etgani qayd etildi. Tomonlar yuk tashishga sarflanadigan vaqtning sezilarli darajada kamayishiga va tashuvchilarning transport xarajatlarini optimallashtirishga imkon yaratgan “Andijon – O‘sh – Irkeshtom – Qashg‘ar” uchastkasida avtotransport vositalaridan foydalangan holda “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” yo‘lagi bo‘ylab multimodal yuk tashishlari ishga tushirilganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

Ushbu yo‘nalishdagi mavjud salohiyatni hisobga olgan holda, chegara nazorat punktlaridagi yo‘llarning o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish va yo‘lovchilar, transport vositalari hamda yuklar tranziti uchun sharoitni yaxshilash, jumladan, bojxona, sanitariya, transport va chegara nazorati jarayonini raqamlashtirish orqali birgalikda choralar ko‘rish istiqboli qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, kombinatsiyalashgan yuk tashishni tashkil etish maqsadida qo‘shma logistika xablari yaratish imkoniyati muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari darajasida investitsiya, savdo, transport-logistika hamkorligi masalalarini tezkor ravishda kelishish bo‘yicha mexanizmlar joriy etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Bu belgilangan yo‘nalishlar doirasidagi o‘zaro amaliy faoliyat samaradorligini oshiradi.