Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi jamoasi hamdardlik bildiradi

Chop etish Sahifani ulashish
02.08.2021 5648 Yangiliklar

 

O‘zbekiston avtomobil transporti tizimi og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar Uyushmasi raisi - Shovahobov Shoolim Shomansurovich shu yil 30- iyul kuni vafot etdi.

Shoolim Shomansurovich 1952 - yil 8 - fevralda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1975 - yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tamomlab, o‘z faoliyatini Avtomobil yo‘llarini qurish va undan foydalanish vazirligida boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, O‘zbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilar uyushmasida faoliyat ko‘rsatib, o‘zining bor bilim va salohiyatini avtomobil transporti rivojiga bag‘ishladi.

Uning sohani rivojlantirishga, milliy avtomobil tashuvchilar manfaatlarini himoya qilishga, O‘zbekistonning tranzit va transport salohiyatini yuksaltirishga doimiy intilishi soha vakillari tomonidan yuksak baholanib, e’tirof etildi.

Shoolim Shomansurovich el-yurt oldidagi halol mehnatlari va xizmatlari uchun 1996 - yilda “Faxriy avtotransportchi” va 2019 - yilda I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” va “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 25 yil” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari bilan munosib taqdirlandi.

Shoolim Shomansurovich o‘tgan davr mobaynida avtomobil transporti sohasining ko‘plab tajribali mutaxassislarini tarbiyalab voyaga yetkazishda, ularga ustozlik qilib, o‘zlarining boy bilim va tajribalarini o‘rgatib keldi. Talabchan rahbar bo‘lish bilan birgalikda samimiy va kamtarin inson, mehribon oila boshlig‘i sifatida hamkasblari hamda yaqinlari orasida hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Transport vazirligi jamoasi marhumning oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi. Shoolim Shomansurovichning yorqin xotirasi uni bilgan, sevgan va hurmat qilgan kishilarning qalbida abadiy qoladi.