Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston – Turkmaniston siyosiy maslahatlashuvlari to‘g‘risida

Chop etish Sahifani ulashish
21.09.2020 5955 Yangiliklar

 

2020-yilning 21-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston tashqi siyosiy idoralari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar navbatdagi raundi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiyalarga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov boshchilik qildi.

Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, suv xo‘jaligi, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va aloqalarni rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ikki mamlakat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, izchil o‘sib boruvchi xususiyatga ega bo‘ldi.

Tashqi ishlar vazirlari ilgari erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning bajarilishini tahlil qildilar va qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish muddatlari, shu jumladan, Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi raundi, O‘zbekiston-Turkmaniston ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish muddatlari to‘g‘risidagi takliflarni ko‘rib chiqdilar.

Transport, transport-kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirildi. Vazirlar “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon” xalqaro transport-kommunikatsiya yo‘lagini shakllantirish bo‘yicha Ashxobod kelishuvini tezroq amalga oshirish tarafdori ekanliklarini ma’lum qildilar.

Muzokaralarda ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalar, shuningdek, Afg‘oniston muammosiga alohida e’tibor berib, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, tomonlar koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish va pandemiyaning ikki tomonlama hamkorlikka ta’sirini kamaytirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar to‘g‘risida fikr almashdilar.