Joriy yilning 8-9 fevral kunlari “Qirg‘izaeronavigatsiya” Davlat korxonasi Bosh direktori S.B.Jorobayev boshlichiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida delegatsiya vakillarining Ashurov Alisher Xamidovich boshchiligidagi “O‘zaeronavigatsiya” Markazi Davlat Unitar Korxonasi rahbariyati bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Muzokarada davlatlarimiz aeronavigatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar o‘rtasidagi hamkorlik, muvofiqlashtirish va o‘zaro ta’sir masalalari muhokama qilindi.
“Qirg‘izaeronavigatsiya” DK vakillari “O‘zaeronavigatsiya” Markazi DUK ma’muriyatiga, Havodagi harakatni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimning Toshkent markazi hududiy bo‘linmasiga tashrif buyurib, zamonaviy “INDRA” havodagi harakatni boshqarish avtomatlashtirilgan tizim uskunalarining faoliyati va imkoniyatlari bilan tanishdilar. Delegatsiya dispetcherlik tarkibini tayyorlash va “O‘zaeronavigatsiya” Markazi DUKning zamonaviy texnik jihozlarining sifatini yuqori baholadi.
Muzokalar jarayonida tomonlar quyidagi masalalar bo‘yicha kelishuvga erishdilar:
- O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iston Respublikasining Havodagi harakatga xizmat ko‘rsatish (HHXK) organlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va integratsiyani tashkil etish;
- OLDI xalqaro bayonnoma orqali HHXK markazlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va muvofiqlashtirishni tashkil etish;
- ma’lumotlarni uzatish va kasbiy tayyorgarlik sohalarida beg‘arazlik asosida xizmat turlarini taqdim etish;
- hududga havo maydonidan foydalanuvchilarni jalb qilish maqsadida yangi havo yo‘llarini ishlab chiqish va joriy etish.
O‘zaro ishonch va do‘stona ruhda o'tgan uchrashuv davlatlarimiz havo makonida parvozlar xavfsizligi, muntazamligi va tejamkorligini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iston Respublikasining aeronavigatsiya xizmatlari provayderlarining yuksak professionalligi, mas’uliyati va manfaatdorligini ko‘rsatdi.