O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014- yil 17- dekabrdagi 346-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi parvozlari xavfsizligini ta’minlash Davlat dasturi”ga asosan 2021 - yil 18 - mart kuni O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasi aviakompaniyalari va tashkilotlari vakillari ishtirokida “Parvozlar xavfsizligi kuni” o‘tkazildi.
Tadbirni “O‘zaviatsiya” agentligi direktori T.Uljayev ochib berdi va ishtirokchilarni kun tartibi bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng Transport vazirligi aviatsiya hodisalari va mojarolarini tekshirish Boshqarmasining bosh mutaxassisi N.Salixov 2020- yilda parvozlar xavfsizligining 2019- yilga nisbatan umumiy holatini tavsiflab berdi. Shuningdek, 2020- yilda aviatsiya hodisalariga olib kelgan asosiy omillar sanab o‘tildi. Inson omilining salbiy ta’siri bilan bog‘liq aviatsiya intsidentlarining holati va sabablari haqida ma’lumot berildi.
Aviatsiya intsidentlarining takrorlanish holatlari, havo kemalarning parvozda qushlarga to‘qnashishi bilan bog‘liq aviatsiya intsidentlariga e’tibor qaratildi. Inson omilining salbiy ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan aviatsiya hodisalarini kamaytirish yuzasidan keskin choralar ko‘rish va ornitologiya ta’minoti bo‘yicha nazoratni kuchaytirish yuzasidan taklif bildirildi.
Shundan so‘ng, “O‘zaviatsiya” agentligi bo‘lim boshlig‘i R.Nishonov so‘nggi besh yil ichida parvozlar xavfsizligi bo‘yicha statistik ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tdi. 2020- yil yakunlari asosida parvozlar xavfsizligi holatiga baho berilib, ekipajning harakatlari bilan bog‘liq aviatsiya hodisalari (inson omilining salbiy ta’siri), havo kemalarining ekipajlari tomonidan xatolar va qoidabuzilishlarining takrorlanish holatlari muhokama etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, “O‘zaeronavigatsiya” markazi va “UAT” MChJ vakillari so‘zga chiqishdi. Ular o‘z chiqishlarida tashkilotlarining parvozlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatiga baho berdilar hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida parvozlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar va takliflarini bildirishdi.