15 - fevral kuni Transport vazirligida Pokiston delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev hamda Pokiston Islom Respublikasi Savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammad Sulex Axmad Faruki rahbarligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda transport va logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda tomonlar temir yo‘l, aviatsiya va avtomobil transporti sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, har ikki davlat hududlari orqali yuk tashishni jadallashtirish yuzasidan fikr almashdi.
Har ikki tomon vakillari davlatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlarni alohida e’tirof etishdi. Xususan, 2021-yil yakuniga ko‘ra o‘zaro tovar ayriboshlash hajmi avvalgi yilga nisbatan 46 foizga oshgan.
Uchrashuv davomida Pokiston tomoni xalqaro yuk tashuvlari yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqboli doirasida Karachi porti imkoniyatlari va quvvatlari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Shuningdek, transport-logistika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, "Termiz – Mozori–Sharif – Qobul – Peshovar" temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishga doir keyingi qadamlar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomonining Pokiston havo kengligi hududi bo‘ylab, havo harakatiga xizmat ko‘rsatishda yangi marshrutlar (havo trassalari) joriy etish yuzasidan taklifi atroflicha muhokama etildi.
Muzokaralar yakunida umumiy vazifalarni bajarish va ko‘rib chiqilgan hamkorlik yo‘nalishlarini ilgari surish doirasida qo‘shimcha kelishuvlarga erishildi.