Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Prezident tomonidan “Transport toʻgʻrisida”gi qonun imzolandi

Chop etish Sahifani ulashish
10.08.2021 7683 Yangiliklar

 

“Transport toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–706-son, 09.08.2021-y.) Prezident tomonidan imzolandi. Qonunga koʻra, avtomobil, havo, temir yoʻl, suv, elektr transporti, metropoliten va transport infratuzilmasi obyektlari Oʻzbekistonning yagona transport tizimini tashkil etadi.

Davlat organlari va mansabdor shaxslar transport tashkilotlarining xoʻjalik faoliyatiga aralashishga hamda ular xodimlarini boshqa ishlarga jalb etishga haqli emas.

Transport vazirligi sohada maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Qonunga koʻra, transport vositalari muvofiqlik yoki transport vositasi turini maʼqullash sertifikatiga ega boʻlishi va roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.

Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transportlarni Oʻzbekistonga olib kirish, ishlab chiqarish, sotish yoki ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida yuklarni tranzit olib oʻtish chogʻida tranzit yuklar va hujjatlar identifikatsiya qilinadi.

Qonunga koʻra, Oʻzbekistonda tovarlar va transport vositalariga nisbatan bajariladigan operatsiyalardan kelib chiqqan holda xalqaro va hududiy transport-logistika markazlari tashkil etilishi mumkin.

Transport-logistika markazlari ularga har qanday turdagi transportda kirib kelayotgan hamda olib chiqilayotgan yuklarni omborga joylashtirish, saqlash, ularga ishlov berish, qayta ishlash, qadoqlash va taqsimlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi.

Vakolatli organlar vokzalda, aerovokzalda, aeroportda, metropolitenda va avtostansiyaga kirish joyida transport vositasini, bagajni, yuk bagajini va yukni, yoʻlovchilarni va boshqa shaxslarni koʻzdan kechirishdan oʻtkazishi mumkin.

Shuningdek, foydali qazilmalar joylashgan maydonlarda transport tashkilotlarining obyektlarini loyihalashtirish va qurish, ular joylashgan yerlarda yer osti inshootlarini joylashtirish taqiqlanadi. Alohida hollarda, loyihalashtirish va qurishga Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.

Transport tashkilotlari va tashuvchilar faoliyati transport harakatlanishi bilan bogʻliq boʻlgan hamda mehnat sharoitlari oʻta zararli va oʻta ogʻir sharoitlarda band boʻlgan xodimlarning dastlabki hamda davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazilishini tashkil etishi shart.

▫️Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.