Joriy yilning 11 - dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri I.Mahkamov boshchiligidagi delegatsiya Qirg‘iziston Respublikasi Transport, arxitektura, qurilish va komunikatsiya vaziri E.Osoyev boshchiligidagi delegatsiya bilan ikki tomonlama transport va yo‘l sohasidagi masalalarni muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab tomonlar Qirg‘iziston Respublikasi hududidan o‘tgan “Rishton - So‘x” yo‘nalishidagi umumiy uzunligi 29 km bo‘lgan avtomobil yo‘lining 8 km qismida Qirg‘iziston tomonidan amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
Ushbu yo‘l orqali bugungi kunda avtotransport vositalari harakati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qisqa yo‘l bilan Qirg‘iziston Respublikasi aholi yashash punktlariga kirmagan holda So‘x tumaniga yetib olishmoqda.
So‘x tumani aholisi bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida tuman oqsoqollari davlatimiz rahbarining sa’yi-harkatlari bilan bu yerda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar natijasida So‘x bugun chinakam obod maskanga aylanib borayotganini ta’kidlab o‘tishdi.
Shundan so‘ng, Farg‘ona viloyati Rishton tumani hokimligida har ikki mamlakat o‘rtasida transport sohasi va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish masalalari yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Xususan, tomonlar "O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy" temir yo‘lining qurilishi masalasida o‘zaro fikr almashishdi. Har ikki tomon vakillari ushbu loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston va Qirg‘iziston manfaatlariga to‘liq mos kelishini hamda mintaqamizning tranzit salohiyatini yuzaga chiqarishini ta’kidlab o‘tishdi. Shu bois, ushbu muhim loyiha bo‘yicha hamkorlikdagi sa’yi-harkatlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Uchrashuvda “Toshkent–Andijon–O‘sh–Irkishtom–Qashg‘ar” xalqaro multimodal yo‘nalishida yuk tashuvlari hajmini oshirish orqali ushbu transport koridori imkoniyatlaridan unumli foydalanish, har ikki mamlakat yuk tashuvchilari uchun teng imkoniyatlar yaratish yuzasidan ham fikr almashildi. Shuningdek, tomonlar “Farg‘ona – Uch-Qo‘rg‘on – Darot Qo‘rg‘on Saritash – Irkishtom” yo‘nalishida yangi avtomobil yo‘lini qurish loyihasini muhokama qilishdi
Uchrashuv so‘nggida tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida transport va tranzit sohasidagi aloqalarni rivojlantirish yuzasidan o‘zaro hamkorlikdagi loyihalarni izchil davom ettirishga kelishib oldi.