Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-yanvar kuni makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Davlat byudjeti mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator muhim vazifalar belgilangan edi.
2024-yil 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida Hisob Palatasi, Bosh Prokuraturasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Transport vazirligining qo‘shma qarorida belgilangan vazifalar ijro holati yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Yig‘ilishda belgilangan vazifalarni bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob Palatasi, Bosh Prokuratura, Iqtisodiyot va moliya hamda Transport vazirligining qo‘shma qarori tasdiqlangan bo‘lib, ushbu qo‘shma qaror bilan Respublika va Hududiy Ishchi guruhlari tashkil etilib, Transport vazirligiga mas’ullar biriktirildi. Ushbu xodimlar vazirlikning mas’ul xodimlari bilan birga byudjet mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazorat qilib boradi.
Qolaversa, vazirlikda byudjet mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan masofaviy nazoratni olib borish maqsadida “Situatsion markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yig‘ilishda qarorda belgilangan ishlar, joriy etilgan yangi tizim hamda ushbu tizimni to‘laqonli ishlashini ta’minlashga qaratilgan ishlarning mohiyati muhokama qilindi.
Transport vaziri o‘rinbosarlari, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbariyatiga va hududiy ishchi guruhlarlardan har oy yakuni bo‘yicha hisobotlarni jamlab, Respublika ishchi guruhiga kiritib borish topshirildi.
Shuningdek, Transport vazirligi tizimidagi tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan xodimlar bilan o‘zaro integratsiyani kuchaytirish, moliyaviy hisob-kitoblarni tizimlashtirish, statistik va tahliliy ma’lumotlarni sifatli tayyorlash, ichki audit samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.