Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Yekaterinburg – Samarqand yo‘nalishida uchgan samolyot parvoz vaqtida favqulodda holat yuz bergani to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
2022 - yilning 28 - yanvar kuni “Uralskiy avialini” aviakompaniyasining A320 VQ BNI havo kemasi Samarqand – Yekaterinburg yo‘nalishi bo‘yicha SVR 2862 reysini amalga oshirgan. Toshkent vaqti bilan 07:41 da samolyot Samarqand aeroportidan muvaffaqiyatli uchgan.
Parvoz davomida Moskva vaqti bilan soat 10:01 da ekipaj komandiri samolyotda texnik nosozlik yuz berganligi haqida havo harakatini boshqarish dispetcheriga avariya signalini bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot kabinasi germetizatsiyasida nosozlik yuzaga kelgan.
Koltsovo aeroportining favqulodda xizmatlari samolyotni qabul qilish uchun shay holatga keltirilgan. Bortida 159 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 10:28 da Koltsovo aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ngan.
Hodisa oqibatida jarohat olganlar yo‘q.
Ushbu hodisa bo‘yicha Sverdlovsk transport prokuraturasi tomonidan parvozlar xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining bajarilishi yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.