Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Respublika maxsus komissiyasining axboroti

Chop etish Sahifani ulashish
04.06.2020 9436 Yangiliklar


O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining AXBOROTI

Respublikamizda Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahbarliklari ostida koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, hududlarni toifalarga ajratish orqali ularda bosqichma-bosqich iqtisodiyot sohalari va tadbirkorlik faoliyatini tiklashga ruxsat berilishi hozirgi kunga kelib o‘z samarasini bermoqda.

Shu munosabat bilan, mamlakatimiz Rahbari tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga binoan Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan karantin talablarini yanada yumshatish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, 2020 yil 5 iyundan boshlab quyidagilarga ruxsat beriladi:

a) “sariq” hududlarda:

mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyatiga (xostellar bundan mustasno);

uy mehmonxonalari va soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan dala hovlilar (dachalar) faoliyatiga (faqat oilaviy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish uchun);

mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlarida joylashgan hamda ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish ob’ektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyatiga;

b) “yashil” hududlarda “sariq” hududlarga qo‘shimcha ravishda:

individual shug‘ullanish uchun trenajer zallari va basseynlar faoliyatiga.

Bunda trenajer zallari va basseynlar ob’ektlarining doimiy ravishda dezinfektsiya qilinishi, ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfektsion “to‘shak”lar bilan jihozlash, xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi, shuningdek, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37°C va undan yuqori bo‘lgan, infektsiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda kiritmaslik choralarini ko‘rish, ijtimoiy masofani ta’minlash imkoniyati bo‘lmagan jamoaviy sport turlarini o‘tkazmaslik talab etiladi;

madaniyat ob’ektlari (teatrlar) faoliyatiga, individual va jamoaviy repetitsiyalar o‘tkazish sharti bilan (30 kishidan ko‘p bo‘lmagan), tomoshabinlar va tashrif buyuruvchilarga ruxsat bermagan holda, spektakllarni onlayn rejimida yoki televidenie orqali translyatsiya qilish yo‘li bilan;

ta’lim markazlari, to‘garaklar (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan guruh tashkil etib, vaqtini oldindan kelishgan holda) faoliyatiga.

Bunda xodimlar va bolalarning sog‘lig‘i holatini doimiy nazorat qilish (tana haroratini muntazam o‘lchab borish), infektsiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodimlar va bolalarni mashg‘ulotlardan chetlatish, shuningdek, sanitariya-gigiena va dezinfektsiya talablariga qat’iy rioya etish talab etiladi;

diniy tashkilotlar faoliyatiga.

Bunda diniy tashkilotlar binolarining doimiy ravishda dezinfektsiya qilinishi, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfektsion “to‘shak”lar bilan jihozlash, xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi, shu jumladan, namoz vaqtida fuqarolarning oraliq masofasini 1,5 metr etib belgilash (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratgan holda), shuningdek, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37°C va undan yuqori bo‘lgan, infektsiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda kiritmaslik choralarini ko‘rish, jamoaviy diniy marosimlar (juma namozi va boshqalar)ni o‘tkazmaslik talab etiladi.

Shuningdek, 2020 yil 15 iyundan boshlab “yashil” va “sariq” hududlarda quyidagilarga ruxsat berilmoqda:

a) umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyatiga.

Shu bilan bir qatorda umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyatini tashkil etishga qo‘yiladigan asosiy talablar sifatida quyidagilar belgilab qo‘yildi:

banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;

faoliyatini 8:00 dan 23:00 ga qadar tashkil etish;

stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta’minlash;

bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan bir oila a’zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish;

xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;

har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfektsion vositalar bilan tozalash;

b) maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatiga. Bunda:

maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni 15 kishidan ortiq bo‘lmagan guruhlarda tashkil etish;

maktabgacha ta’lim tashkilotlari binolarini doimiy ravishda dezinfektsiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfektsion “to‘shak”lar bilan jihozlash;

xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi;

tana harorati 37°C va undan yuqori bo‘lgan yoki infektsiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodim va tarbiyalanuvchilarni mashg‘ulotlarga kiritmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi;

v) buyum bozorlari faoliyatiga.

Bunda buyum bozorlari doimiy ravishda dezinfektsiya qilinishi, ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfektsion “to‘shak”lar bilan jihozlanishi, sotuvchilar va xaridorlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi, shuningdek, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37°C va undan yuqori bo‘lgan, infektsiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda buyum bozorlari hududiga kiritmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi;

g) hududlar o‘rtasidagi avtobus qatnovlariga.

Bunda tashuvchilar faoliyati quyidagi talablardan kelib chiqqan holda tashkil etiladi:

transport vositasini yakuniy yo‘nalish nuqtasida dezinfektsiya qilish;

avtobus saloniga faqatgina tibbiy niqoblardagi yo‘lovchilarni kiritish;

haydovchilarni tibbiy qo‘lqop va tibbiy niqoblar bilan ta’minlash hamda ularning muntazam ravishda o‘z vaqtida almashtirib borilishi choralarini ko‘rish.

Karantin davrida muddati tugaydigan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga tegishli malaka toifasi berilganligi to‘g‘risidagi sertifikatlarning amal qilish muddati 2020 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirildi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda, barcha hududlarda ularning toifasidan qat’i nazar quyidagi karantin talablari saqlab qolinmoqda:

jamoat joylari va tadbirkorlik faoliyati ob’ektlarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash, uch kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan foydalanishi;

ta’lim tashkilotlari (maktab, litsey, kollej, texnikum, institut, universitet va boshqalar) faoliyatini yo‘lga qo‘ymaslik;

ko‘ngilochar ob’ektlar – tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, karaoke, bilьyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik;

kontsert, kinoteatr va sport tadbirlarini (professional futbol klublari o‘quv mashg‘ulotlari va O‘zbekiston professional futbol ligasi chempionatlari bundan mustasno) o‘tkazmaslik;

jamoat transporti harakatiga ruxsat bermaslik;

dehqon, qurilish bozorlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik do‘konlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37°C va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini ko‘rish;

barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfektsion “to‘shak”lar bilan ta’minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritishini ta’minlash;

qurilish-ta’mirlash ishlarida ob’ektlarning hududi to‘liq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan birgalikda ob’ektlarda sanitariya-gigiena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi. Bunda, ushbu tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiena qoidalariga to‘liq rioya qilish, o‘z faoliyatini faqatgina tegishli ob’ekt hududi doirasida tashkil etish.

“Qizil” toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek, “yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlarda ruxsat berilgan faoliyat turlarini o‘rnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Karantin sharoitida umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha vaqtinchalik tartib hamda Karantin sharoitida ruxsat berilgan faoliyat turi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlarida sanitariya-epidemiologik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.

Shu bilan birga, Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspektsiyasiga faoliyati tiklanayotgan sohalarda va tadbirkorlik sub’ektlarida karantin talablari, sanitariya-epidemiologik qoidalarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish topshirildi.