O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot va transport sohasiga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha berilgan topshiriqqa hamda xalqaro tashuvlarda respublikamiz yuklarini uzluksiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida Transport vazirligi tomonidan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Xalqaro tashuvlarda transport vositalarining to‘siqlarsiz hamda uzluksiz harakatlanishini va yo‘llarda har xil sabablarga ko‘ra qolib ketishini oldini olish maqsadida, Vazirlik tomonidan milliy tashuvchilarimizni avtotransport vositalari harakatlanishini monitoringini olib borish hamda xalqaro tashuvlarni tahlil qilish uchun elektron dispetcherlik monitoring dasturi ishlab chiqilmoqda.
Vazirlik tomonidan respublikaning eksport-import yuklarini tashishda milliy tashuvchilar ulushini oshirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda, eksport-import yuklarni tashishda milliy tashuvchilar xizmatlaridan foydalanishga O‘zbekiston Respublikasidagi yuk egalari tayyorligini ma’lum qilishdi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Transport vazirligi respublikamizda faoliyat yuritayotgan avtotransport korxonalaridan quyidagi ma’lumotlarni taqdim etishini so‘raydi:
- yagona elektron monitoring tizimiga ulanish uchun korxona ixtiyoridagi transport vositalari (GPS/Glonass) navigatorlar mavjudligi haqida;
- har oyning yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan xalqaro yuk tashish yo‘nalishlari, yuk to‘g‘risidagi ma’lumot va transport vositalarining davlat raqami;
- korxonangiz tomonidan xalqaro yo‘nalishlarda tashish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar tariflari.
Shuningdek, Transport vazirligi tomonidan respublikamiz tashuvchilarining murojaatlarini qabul qilish va ularning muammolarini zudlik bilan hal etish maqsadida 24 soat ishlaydigan shtab tashkil etildi.
Shtab telefon raqamlari:
qisqa raqam 1167
telefon raqami + 998 71-202-05-00 ichki raqam 159.