Bugun, 25-yanvar kuni Rossiya-O‘zbekiston hukumatlararo savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha komissiyasining 23-yig‘ilishida qabul qilingan kelishuvlar ijrosi doirasida O‘zbekiston Transport vazirligida ishchi guruh uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va Oʻzbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazining mas’ul xodimlari, shuningdek, Rossiya transport vazirligi “Xalqaro transport koridorlar direksiyasi” avtonom notijorat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda xalqaro yuk tashishlar, jumladan, tranzit tashish hajmini oshirish, shuningdek, yuklarni tashishning tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish maqsadida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi orqali o‘tuvchi yangi logistika transport yo‘laklarini shakllantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar Rossiya Federatsiyasini Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi “Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston” muqobil multimodal transport-tranzit yo‘lagi istiqboli yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv ishtirokchilari 2023-yilda yangi transport-tranzit yo‘laklarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishni davom ettirishga kelishib oldilar, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni takomillashtirish va kengaytirishning keyingi bosqichlarini belgilab oldilar.
Shu maqsadda “Xalqaro transport koridorlar direksiyasi” ANT va O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi o‘rtasida o’zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi.