O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan hududlarda transport tizimi faoliyatini samarali tashkil etish hamda xizmatlarni yanada rivojlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan navbatdagi sayyor qabul Olmaliq shahrida bo‘lib o‘tdi.
Sohadagi muammo va shikoyatlarni o‘rganishga qaratilgan mazkur tadbirga Olmaliq shahrida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar, MChJ rahbarlari taklif etildi. Shahar hokimligi binosida bo‘lib o‘tgan sayyor qabul sanitariya me’yorlari va qoidalari hamda karantin talablariga rioya qilingan holda tashkil etildi.
Sayyor qabul davomida Transport vazirligi mas’ullari hamda Toshkent viloyati transport boshqarmasi rahbariyati viloyatda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona rahbarlari va tadbirkorlar bilan uchrashib, sohaga doir savollariga javob qaytardi.
Uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan haydovchi va tashuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma muddatini uzaytirish, avtobuslar sotib olishda imtiyoz va imkoniyatlar ajratishda yordam berish haqidagi mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, ayrim yo‘nalishlarni mahallalar kesimida uzaytirish, yo‘lkira narxlarini doimiy nazoratga olish masalasida Toshkent viloyati transport boshqarmasi tomonidan muntazam ravishda reyd tadbirlarini tashkil etish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
O‘rta Chirchiq tumani
O‘rta Chirchiq tumanidagi xalq qabulxonasida tashkil etilgan sayyor qabulda esa Nurafshon shahri va Bo‘ka tumani vakillari ham ishtirok etishdi.
Bo‘kaliklarning asosiy talabi qator hududlarga transport qatnovini tiklash va yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Xususan, “Ko‘k-orol”, “Baxmal”, “Guliston”, “Ramadon”, “Qiyiqchi”, “Moytepa” mahalla fuqarolar yig‘inlarigacha transport qatnovini tashkil etish yuzasidan taklif bildirildi.
O‘rta Chirchiq tumani tadbirkorlari esa noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan transportlar qatnoviga chek qo‘yish, bir qator yo‘nalishlar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, ayrimlarida esa avtobuslar sonini ko‘paytirish, yo‘nalishsiz taksilar va “Damas”lar faoliyatini uzluksiz nazorat qilib borish va sohada noqonuniy faoliyat yurtishning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni kuchaytirish lozimligini ta’kidlab o‘tishdi.
Toshkent viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i S.Shoqosimov ushbu masalalar yuzasidan joylarga chiqib, reyd tadbirlarini doimiy o‘tkazib borilishini ma’lum qildi.