Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Shahrisabz aeroporti 20 yildan so‘ng fuqaro aviatsiyasi parvozlari uchun ochildi

Chop etish Sahifani ulashish
11.09.2024 1288 Yangiliklar

Bugun, 2024-yil 11-sentabr kuni Shahrisabz mahalliy aeroporti fuqaro aviatsiyasining parvozlari uchun o‘z faoliyatini tikladi. “Silk Avia" aviakompaniyasining Toshkentdan ilk parvozi mahalliy vaqt bilan soat 13:10 da aeroportga borib qo‘ndi. Parvoz vaqti 1 soat 30 daqiqani tashkil etdi.

 

An’anaga ko‘ra, L410 rusumli samolyot suv arkasi bilan, birinchi yo‘lovchilar esa karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi. Ta'kidlash joizki, aeroportga parvozlar deyarli 21 yildan so'ng qayta yo'lga qo'yilgan. Shahrisabz aeroporti 2003-yilning noyabr oyida yopilgan edi.

 

Shahrisabzdan 5 km janubi-g‘arbda qurilgan mazkur aeroport 1983-yilda ochilgan. 1983-1996 yillarda Toshkent-Shahrisabz yo'nalishi bo'yicha parvozlar yoz oylarida haftasiga 4 marta, kuz-qish mavsumida esa 3 marta amalga oshirilgan, shuningdek, Urganch-Shahrisabz yo'nalishi bo'yicha ham samolyotlar haftasiga ikki marta parvoz qilgan. 1993-1995 - yillarda Toshkent – Qarshi – Shahrisabz yoʻnalishida parvozlar amalga oshirilgan. Havo qatnovlari An-2, An-24, Yak-40, RJ-85 rusumli samolyotlarda amalga oshirilgan.

 

2023-yil 25-oktabr kuni Qarshi shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Shahrisabz aeroportida fuqaro aviatsiyasi yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlangan edi.  

 

Ayni paytda aeroport fuqaro aviatsiyasi parvozlariga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega. Uzunligi 1554 m va eni 35 m boʻlgan uchish-qoʻnish yoʻlagidan, ikkita samolyot va toʻrtta vertolyot turish joyiga ega aerodrom quyidagi turdagi samolyotlarni sigʻdira oladi: ATR-42, ATR-72, L-410 va barcha turdagi vertolyotlar. Aeroport majmuasi soatiga 100 yo'lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.