Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Silk Avia milliy aviakompaniyasining birinchi samolyoti Toshkentga kelib qo‘ndi

Chop etish Sahifani ulashish
21.03.2023 2973 Yangiliklar

 

Bugun, 21-mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:30 da “Silk Avia” mintaqaviy milliy aviakompaniyasining birinchi samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. An’anaga ko‘ra, havo kemasi tantanali ravishda suv arkasi, ekipaj a’zolari karnay va surnay sadolari ostida gullar bilan kutib olindi. Poytaxt aeroporti perronida birinchi bortni Uzbekistan Airports, Silk Avia kompaniyasi vakillari, jurnalistlar, blogerlar va aviaspotterlar kutib oldi.

 

Harid qilingan uchta ATR 72-600 samolyotidan birinchisi uzoq yo'lni bosib o'tdi. Bangkokdan Toshkentga parvozning maksimal balandligi (7600 m) va masofasini (1500 km) hisobga olga holda, samolyot oltita texnik toʻxtash bilan – Singapur, Hindiston, Ummon, Misr, Kipr va Ozarbayjon orqali uchub keldi. Yaqin kunlarda Toshkentga yana ikkita sinov parvozlarini amalga oshirgan va eksport sertifikatlarini olgan samolyotlar yetib keladi, ular ham texnik koʻrikdan oʻtib va to'liq boʻyalgan.

 

Aviakompaniyani yaratish juda murakkab va masʼuliyatli jarayon boʻlib, unda samolyotlarning ishonchliligi va xavfsizligini tekshirishga katta eʼtibor qaratiladi. ATR samolyotlariga bo'lgan juda yuqori talabni hisobga olsak, bizga mos keladigan texnik ko'rsatkichlari yaxshi, 2019 - yildan keyin chiqarilgan va parvoz soatlari ko'p bo'lmagan samolyotlarni topish juda qiyin edi. Biz birinchi uchta samolyotimizni "Bangkok Airways" kompaniyasidan sotib oldik, ular juda yaxshi holatda. Bugun biz uchta samolyotdan birini Toshkentda tantanali ravishda kutib olmoqdamiz. Tartibga ko'ra, samolyot mutlaqo oq rangda, Tailand davlat raqamlari bilan yetib keldi. Ikki-uch kun ichida biz havo kemasiga oʻzimizning “Silk Avia” libosini “kiydiramiz” va “OʻzAviatsiya”dan aviaoperator sertifikatini olganimizdan soʻng, samolyot ro'yhat raqamini oladi va ilk parvozlarini boshlaydi”, — dedi "Uzbekistan Airports" boshqaruvi raisi Raʼno Djurayeva.

 

Takidlash joizki, 70 kishilik ATR 72-600 dunyodagi eng mashhur qisqa masofali samolyotlardan biri hisoblanadi. Airbus A320 ga nisbatan to'rt baravar kam yoqilg'i sarflaydigan xavfsiz, tejamkor va arzon samolyot yo'lovchilarga hamyonbop narxda ishonchlilik va qulaylikni taqdim etadi.

 

Eslatib oʻtamiz, “Silk Avia” birinchi mintaqaviy loukoster aviakompaniyasini tashkil etish Prezidentning 2022-yil 26-oktabrdagi “Respublikada mahalliy havo qatnovlarini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-412-son qarorida nazarda tutilgan edi. Birinchi bosqichda aviakompaniyaning qatnovlar tarmog‘i eng ommabop yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi: Toshkentdan Samarqand, Buxoro va Urganch, shuningdek, Farg‘ona vodiysi shaharlariga reyslar ochiladi. Chiptalar narxi 180 ming so‘mdan boshlanishi rejalashtirilmoqda. Aviaparkning to'ldirilishi bilan yo'nalishlar tarmog'i ham kengayadi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida "Silk Avia" va Fransiya-Italiya konserni ATR o‘rtasida 2024-yilda Toshkentga yetib keladigan beshta yangi ATR 72-600 samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi.