Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Singapur savdo va sanoat vazirligi Amerika, Yevropa va O‘rta Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik qilish departamenti boshlig‘i Deniz Pereyra boshchiligidagi ishchi guruh vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda transport va logistika sohasidagi hamkorlik aloqalari, Singapur sarmoyalari va texnologiyalarini jalb etgan holda qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Deniz Pereyra ayni damda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan Singapur biznes tuzilmalari hamda sohaviy idoralar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, ikki mamlakat transport vazirliklari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi hamda Singapurning “PSA International” kompaniyasi bilan transport sohasida hamkorlik qilish, O‘zbekiston hududida transport logistika markazlarini tashkil etish yuzasidan imzolangan hamkorlik bitimlari buning yaqqol misoli ekanligini qayd etib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuvda tomonlar oliy darajadagi davlat tashrifi doirasida ikki tomon o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini ham muhokama etishdi.
Singapur tomoni joriy yilning 15-20 may kunlari “PSA International” kompaniyasi vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida ma’lum qildi. Tashrif davomida O‘zbekistonda konteyner terminalini tashkil etish masalasi yuzasidan Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va boshqa biznes hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.