Bugun ertalab Soʻxga Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegara nazorat-oʻtkazish punkti orqali yuk mashinalariga yoʻlsozlikda ishlatiladigan mashina va mexanizmlar ortilgan navbatdagi karvon kirib keldi.
Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi tomonidan tumanga 50 ga yaqin mashina va mexanizmlar yuborildi. Bosh vazir boshchiligida boʻlib oʻtgan faollar yigʻilishida tumanimiz yoʻllarining ayanchli ahvoli tilga olingan edi. Mana bugun bu muammolar bartaraf qilinmoqda, – deydi Soʻx tumani avtomobil yoʻllari boʻlimi bosh muhandisi Nurullo Jalolov.
Tumanda 26 kilometr 4R-149 Rishton-Soʻx yoʻnalishidagi davlat ahamiyatidagi yoʻllar, 62 kilometr uzunlikdagi mahalliy avtomobil yoʻllari, 88 kilometr umumiy foydalanuvdagi yoʻllar mavjud. Tuman ichki yoʻllarining umumiy masofasi 385 kilometrni tashkil etadi. Tumanga yuborilgan mashina-mexanizmlardan tashqari, 83 nafar mutaxassislar ham yetib keldi. Shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida 50 nafar soʻxlik yoshlar ham tuman avtomobil yoʻllari boʻlimiga ishga qabul qilindi.
Tumanda 182 kilometr masofadagi yoʻllarda qurilish va taʼmirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Bu yil 45 kilometr masofadagi yoʻllar taʼmirlanadi. Barcha loyiha-smetalar tumanning oʻzida amalga oshiriladi. Yoʻllarning harakat qismiga asosan betonli qoplama yotqiziladi. Shagʻalli yoʻllarga beton qoplamasi yotqizilib, tuproqli yoʻllarning shagʻallashtirilishi rejaga kiritilgan.