Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

“O‘rta yo‘lak” O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdosida eng muhim yo‘nalish

Chop etish Sahifani ulashish
26.10.2023 2974 Yangiliklar

Bugun Gruziya poytaxtida to‘rtinchi “Tbilisi Ipak yo‘li forumi” rasman o‘z ishini boshladi, unda dunyoning deyarli 63 davlatidan ikki mingga yaqin mehmonlar ishtirok etishmoqda. Tadbir ishtirokchilari global iqtisodiy muammolar, ularni hal etish yo‘llari, shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni taʼminlash yo‘nalishidagi hamkorlikning o‘ziga xos jihatlari va istiqbollarini muhokama etishmoqda.

 

Forumning maqsadi logistika sohasida mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish, shuningdek, “O‘rta yo‘lak” loyihasida mamlakatlarning kengroq ishtirokini rag‘batlantirishdan iboratdir. Mazkur forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilxom Maxkamov ishtirok etmoqda. Vazir “O‘rta yo‘lak eʼtibor markazida” mavzusidagi panel sessiyada nutq so‘zladi.

 

Bugungi kunda “O‘rta yo‘lak” O‘zbekiston va Markaziy Osiyo boshqa davlatlarining Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdosida eng muhim yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekiston ushbu yo‘lakning faol foydalanuvchilaridan biridir. 2022-yilda aynan mazkur yo‘lak orqali mamlakatimizning yuk tashish hajmi ikki barobarga ortib 1 mln tonnani tashkil etgan.

 

Ilxom Maxkamov O‘zbekiston ushbu yo‘lakni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbarining joriy yil 2-iyun kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi yetakchilar uchrashuvida ushbu yo‘lakni rivojlantirish borasida bildirgan tashabbuslari muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab o‘tdi.

 

Ilxom Maxkamov “O‘rta yo‘lak” ishtirokchilari bo‘lgan mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘nalishida qator takliflarni ilgari surdi.

 

Xususan, hamkorlikda koridor salohiyatidan foydalanish mexanizmini ishlab chiqish, mintaqa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi transport tashkilotlari vakillarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish;

 

Kaspiy dengizidagi infratuzilma imkoniyatlarini, shuningdek, dengiz kemalari sonini oshirishga harakat qilish;

 

Butun marshrut bo‘ylab moslashuvchan tarif siyosatidan foydalanish;

 

Tovarlar va jo‘natish hujjatlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartib-qoidalarini raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish zarurligini taʼkidladi.