Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Tanzaniya va O‘zbekiston aviatsiya hukumatlari o‘rtasida kelishuv imzolandi

Chop etish Sahifani ulashish
24.10.2024 2309 Yangiliklar

Avval xabar berilganidek, ICAN-2024 tadbiri doirasida Transport vazirligi delegatsiyasi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi qo‘llab-quvvatlovi bilan yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator davlatlar bilan kelishuvlar olib borilmoqda.

 

Navbatdagi muzokaralar Tanzaniya birlashgan respublikasi bilan bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida yuk va yo‘lovchi tashuvlarini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarini ko‘rib chiqishdi. Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o‘rtasida yo‘lovchi va yuk tashuvlari bo‘yicha aviaqatnovlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

 

Kelishuvda belgilangan kvotaga muvofiq haftasiga 21 marta yo‘lovchi parvozlarini, yuk tashish bo‘yicha esa har ikki tomondan cheklovsiz aviaqatnovlarni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

 

Tanzaniya O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi yo‘nalish hisoblanadi. Mamlakat o‘zining mo‘tadil ob-havo sharoiti, Maldiv orollari bilan bellasha oladigan zilol suvlariga ega Zanzibar oroli, yovvoyi tabiat qo‘ynidagi savannalari hamda sarguzashtlarga boy Klimanjaro tog‘lari bilan turistlar e’tiborini, shuningdek qahva, choy, kakao, gullar va tropik mevalari bilan savdogarlar e’tiborini tortib keladi.

 

Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonining turistik kompaniyalari hamda aviakompaniyalari uchun tranzit turistlar oqimini rivojlantirishga ajoyib imkoniyat hisoblanadi. Shuningdek, Tanzaniya aholisi uchun O‘zbekistonga ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Turizm qo‘mitasi hamda aviakompaniyalar uchun yangi eshiklarni ochadi.