Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni tashqi iqtisodiy faoliyat tizimini isloh qilish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida tashqi savdo bilan bogʻliq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash, jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiradigan bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya va boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozimligini taʼkidlagan edi.
Bu sohada uzoq yillardan buyon samarali ishlar olib borilmagani tashqi savdo amaliyotlarida muayyan qiyinchliklar tugʻdirmoqda. Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida “Xalqaro savdo” yoʻnalishi boʻyicha mamlakatimiz 190 ta davlat orasida 152-oʻrinda qayd etilgani ham shundan dalolat beradi.
Yigʻilishda mazkur reytingda mamlakatimiz pozitsiyasini yaxshilash, jahon tajribasi asosida nazorat idoralarining ishini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Maʼlumki, koʻplab davlatlarda yuklar chegaraga yetib kelmasidan oldin ular haqida axborot berilib, yukning tez chiqib ketishi taʼminlanadi. Oʻzbekistonda esa oʻtgan yili 416 mingta deklaratsiyadan atigi 344 tasi yuk chegaraga kelguncha rasmiylashtirilgan. Yuk toʻgʻrisida oldindan maʼlumot berish avtomobil transportida 98 foizni tashkil etsa, temir yoʻlda umuman yoʻlga qoʻyilmagan.
Shu bois nazoratni chegarada emas, balki yuklar kirib kelishidan oldin yoki mamlakat ichkarisida erkin muomalaga chiqarilgandan keyin amalga oshirish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi.
Bugungi kunda 1 ming 836 ta turdagi tovar bir vaqtda uchta idora tomonidan tekshirilishi, oqibatda import-eksport hujjatlarini rasmiylashtirish haftalab choʻzilayotgani tanqid qilindi.
Bojxona, veterinariya, karantin, sanitariya, standart, ekologiya idoralari ish uslubini oʻzgartirishi, ularning asosiy vazifasi mahsulotlar eksportini qoʻllab-quvvatlashdan iborat boʻlishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Tovarlarning bojxona qiymatini tezkor aniqlash imkoniyati boʻlmaganda, tadbirkor toʻlov qilib oʻsha zahoti mahsulotini olib ketadigan, bunga aniqlik kiritilganidan keyin farqni toʻlaydigan tizim joriy etish muhimligi taʼkidlandi.
Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasiga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda yangi Bojxona kodeksini ishlab chiqish, bojxona organlari tashkiliy tuzilmasi va maʼmurchiligini takomillashtirish vazifasi qoʻyildi.
Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlari ekin maydonlariga chiqib, xorijiy mamlakatlarning kimyoviy va biologik vositalarni qoʻllash boʻyicha talablarini dehqonlarga tushuntiradigan, amaliy koʻmak beradigan tuzilmaga aylanishi kerakligi qayd etildi.
Prezidentimiz raqamli texnologiyalarni joriy qilib, inson omilini maksimal qisqartirish orqali korrupsiya va noqonuniy tovar aylanmasiga barham berish zarurligini taʼkidladi.
Import mahsulotlarining chegaradan to yakuniy isteʼmolchigacha boʻlgan harakati bojxona va soliq idoralari tomonidan yagona elektron tizim orqali nazorat qilinishi kerak. Misol uchun, bojxona deklaratsiyasini elektron hisob-faktura va onlayn nazorat kassasiga bogʻlash orqali bu masalani hal etish mumkin.
Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga ruxsatnoma va laboratoriya tekshiruvlari hujjatlarini toʻliq raqamlashtirish, avtomatlashtirilgan “risk-analiz” tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda yuklarni chegara punktlaridan oʻtkazish vaqtini qisqartirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Tahlillarga nazar tashlasak, soʻnggi 3 yilda qoʻshni davlatlar bilan chegara orqali oʻtgan insonlar soni 2 baravarga, transport vositalari soni qariyb 3 baravarga oshgan. Lekin hozirgi infratuzilma bunday talabga toʻla javob bermaydi.
Masalan, ayrim veterinariya va karantin punktlarida zarur jihozlar yoʻq. Chegaradagi sanitariya va epidemiologiya xizmati ham tashqi xavflarga tayyor emas.
Yuklar oqimini taqsimlash ishlari oqilona tashkil etilmagan. Bojxona xizmatida postlarni masofadan nazorat qilish tizimi – Situatsion markaz yoʻqligi oqibatida postlarda tirbandliklar paydo boʻlmoqda. Bu tadbirkorlar uchun ham, davlat byudjeti uchun ham ortiqcha xarajat keltirib chiqarmoqda.
Shu bois mutasaddilarga chegara postlarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, joriy yil 1-oktyabrga qadar Situatsion markazni ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, chegaradosh davlatlar bilan yuklarni “bir bekatda tekshirish” tizimini yoʻlga qoʻyish lozimligi qayd etildi.
Tashqi savdo nazorati idoralari chet ellardagi hamkasblari bilan yaqindan ishlab, tajriba almashishi, ularning tekshiruv-sinov laboratoriyalarini yurtimizda tashkil etib, tovarlarni xorijiy talablarga mos ruxsatnomalar bilan joʻnatishni yoʻlga qoʻyishi kerakligi taʼkidlandi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlarini soddalashtirish uchun milliy qonunchilikni bojxona, sanitariya-epidemiologiya, transport, standart, veterinariya, karantin yoʻnalishidagi xalqaro kelishuvlarga uygʻunlashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda kadrlar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bojxona institutida oʻqitish jarayoni zamon talabiga javob bermasligi qayd etilib, uning faoliyatini tubdan takomillashtirish, shuningdek, veterinariya va karantin xodimlarini xalqaro andozalar asosida qayta tayyorlash muhimligi qayd etildi. Xalqaro bojxona tashkiloti bilan erishilgan kelishuvga muvofiq kadrlar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarga toʻxtalib oʻtildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
Manba: UzA