Toshkent shahridagi Xalqaro anjumanlar saroyida Turkiy davlatlar tashkiloti transport vazirlarining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz raisligida o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Vengriya va Turkmaniston transport vazirlari, TDT Bosh kotibi hamda sohada faoliyat olib borayotgan xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Transport va kommunikatsiya sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash, tuzilmaga a’zo mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy aloqani yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbirni tashkilot Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev boshqarib bordi.
Dastlab O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov so‘zga chiqib, turkiy mamlakatlararo savdo-iqtisodiy hamkorlik jadallashayotganini qayd etdi. 2021- yil yurtimizning a’zo davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 8.3 milliard dollarni tashkil etgan. Bunda eksport hajmi 3.1, import esa 5.3 milliard dollarga teng bo‘lgan.
Dasturga muvofiq birin-ketin ma’ruza qilgan rasmiylar transport sohasiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalasiga e’tibor qaratdilar, yuk tashish jarayonida raqamli yechimdan samarali foydalanish ko‘lamini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.
Ma’lumki, bugungi kunda dunyoda kuzatilayotgan vaziyat transport kommunikatsiyasini rivojlantirish, tashqi savdo yuklari tashiluvchi yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilishga umumiy yondashuvni talab etmoqda. Shu jihatni inobatga olgan holda 2021- yil 12 - noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti 8-sammitidagi nutqida transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish zarurligiga e’tibor qaratgan edi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, turkiy xalqlar yashab kelgan mintaqa ming yillar davomida Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida transport-savdo ko‘prigi vazifasini bajargan.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizning tashkilotga a’zo davlatlar bilan yuk tashish hajmi o‘tgan yil 27.6 million tonnani tashkil etgani, shuning 80 foizdan ko‘pi temir yo‘l, 18 foizi avtomobil transporti hissasiga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi.
– Markaziy Osiyo orqali asosiy jahon bozoriga, jumladan, Xitoy, Hindiston, Pokiston va Osiyoning boshqa mamlakatlariga, shuningdek, Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa bozoriga chiqishni ta’minlash muhim, – dedi B.Amreyev. – Shu ma’noda mintaqa davlatlari yangi bozorga chiqishda “Zangezur yo‘lagi”ning iqtisodiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratishi kerak. Samarqandda o‘tadigan sammitda imzolanadigan hujjatlar ro‘yxatiga transport bilan bog‘liq barcha masalalar kiritilgan.
Ekspertlar fikricha, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi qit’alarni bog‘lovchi eng qisqa yo‘nalishlar turkiy davlatlar orqali o‘tadi. Shu bois ayni jarayondagi integratsiyalashuv nafaqat tranzit yuk tashish hajmi oshishiga olib keladi, balki Yevroosiyo qit’asining barcha mamlakatlari taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.
Mamlakatimiz Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Kaspiy dengizi – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa”, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Kaspiy dengizi – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa” yo‘nalishlaridan samarali foydalanmoqda. Qolaversa, TDT hamkorligida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya ishtirokida Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha ish olib borilyapti.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev TDT 8-sammitida “Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik dasturi”ni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan edi.
Yig‘ilishda bunday dasturga ehtiyoj kuchliligi so‘nggi paytda O‘zbekiston va boshqa turkiy mamlakatlarda transport infratuzilmasini rivojlantirish, transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, tranzit bilan bog‘liq jarayonlarni soddalashtirish maqsadlarini ko‘zlagani e’tirof etildi. To‘g‘ri, bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilgan, biroq manfaatdor tomonlar transport tizimi integratsiyalashuvi jarayoni hali yakunlanmagan.
– TDT transport sohasida hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyatga ega. Imkoniyatimizdan oqilona foydalanish mamlakatlarimiz barqaror rivojlanishi, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy aloqa mustahkamlanishiga xizmat qilishi shubhasiz, – dedi I.Mahkamov. – Transport va logistika yo‘nalishlarimiz raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida iqtisodiy manfaatimizni ilgari surish uchun yanada faol harakat qilish vaqti keldi.
Majlis yakunida ikki muhim hujjat – Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida xalqaro aralash yuk tashish to‘g‘risidagi bitim va Transport sohasida o‘zaro bog‘liqlik dasturi kelishildi.
Mazkur hujjatlar mintaqadan o‘tuvchi transport yo‘laklarini tizimlashtirish, hududlarimizda transport harakatini ko‘paytirishga ko‘maklashish, yo‘llarimiz jozibadorligini oshirish, mamlakatlar transport infratuzilmasi ilg‘or rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan.
Shundan so‘ng anjumanlar saroyiga kiraverishda “E-permit” – elektron ruxsatnoma blankalari elektron tizimini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu erda delegatsiyalar rahbarlari birgalikda suratga tushdilar.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti transport vazirlarining 6-yig‘ilishi doirasida "O‘ztemiryo‘lkonteyner" AJ hamda Qozog‘istonning Aktau va Kurik portlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumga ko‘ra tomonlar xalqaro multimodal yo‘nalishda yuk tashuvlarini rivojlantirish, logistika xizmatlari foydalanuvchilari uchun yuklarni konteynerlarda tashishda qulay shart-sharoitlar yaratish, yuk tashish hajmini oshirish va konteyner poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish borasida hamkorlikni rivojlantiradi.