Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Temir yo‘l transporti tizimi takomillashtirilmoqda

Chop etish Sahifani ulashish
21.08.2024 1211 Yangiliklar

2024-yil 21-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

 

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Transport vazirligi mutasaddilari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi” AJ, “Quyuv-mexanika zavodi” AJ rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

 

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston temir yo‘llari katta rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Zamonaviy infratuzilmaga ega, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlariga mos yaxlit temir yo‘l tizimi barpo etildi. Bugun bu tarmoq o‘lkamizning barcha hudud va mintaqalarini ishonchli va samarali bog‘lab kelmoqda.

 

Mamlakatimiz Prezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, xususiy investitsiyalarni jalb etish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish va mamlakat tranzit salohiyatidan samarali foydalanishga xizmat qilmoqda.

 

Ushbu qonun loyihasining maqsadi temir yo‘l transporti sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, u bilan sog‘lom raqobat muhitini yaratish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, temir yo‘l transportini monopoliyadan chiqarish maqsadida tashuvchi va vagonlar, (konteynerlar) operatori huquq va majburiyatlari belgilab berilmoqda.

 

Shuningdek, vagonlar operatoriga temir yo‘l vagonlarga mulk huquqi asosida egalik qilish, o‘ziga tegishli bo‘lgan vagonlarni haq evaziga yuk jo‘natuvchi, yukni oluvchi, tashuvchilarga shartnomalar asosida taqdim etish imkoniyatlari yaratilyapti.

 

Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib, loyihada ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab– quvvatlash maqsadida temir yo‘l transportida yo‘lovchilarning imtiyozli yurishi, huquq va majburiyatlari belgilanayotganini alohida qayd etdilar.

 

Qonun loyihasida ushbu sohada davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asoslarini yaratish, nodavlat sektori ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida vokzallar va temir yo‘l transporti ehtiyojlari uchun ajratilgan yer uchastkalarini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish, modernizatsiya qilish va boshqarish uchun xususiy sherikka berish mumkinligi ham o‘rnatilmoqda.

 

Qonun loyihasi qabul qilinishi sohada raqobat muhitini yaratishga, fuqarolarning temir yo‘l transportida harakatlanishida sifat darajasini oshirish, narxni tushirish, yo‘lovchi va yuklarni xavfsiz tashishga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirishga, temir yo‘l transporti hamda xalqaro tashuvlar sohasida xalqaro hamkorlikni takomillashtirishga xizmat qiladi.

 

—Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasining joriy yil 13-avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ko‘rib chiqilib, konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qilingan edi, — dedi deputat Baxrom Rahmonaliyev. — Muhokamalar davomida deputatlarimiz tomonidan ko‘plab savollar, taklif va tavsiyalar berilgandi. Ayni paytda qo‘mitamiz ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda ushbu takliflarni tahlil qilib, ularni asosli deb topilganlarini loyiha matnida aks ettirish ustida ishlamoqda.

 

Deputatlar tomonidan aytib o‘tilganidek, mazkur hujjat bilan qonun hujjatlarida tartibga solinmagan masalalarni huquqiy jihatdan ta’minlash, tashuvchilar, tadbirkorlik subyektlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining o‘z vazifa va funksiyalarini bajarishda hamda o‘zaro munosabatlarda mas’uliyatini oshirish imkoniyati yaratiladi.

 

Seminar davomida Qonunchilik palatasi deputatlari yuk tashish vagonlarini ishlab chiqarish, kapital ta’mirlash, vagonlarga va boshqa turdagi qurilmalarga ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, murakkab metall konstruksiyalarni yaratish, po‘lat, cho‘yan hamda rangli metallardan iborat bo‘lgan detallar quyish faoliyati bilan ham tanishdi.

 

Shuningdek, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi” AJning yo‘lovchi vagonlarini modernizatsiya qilish va qayta jihozlashga oid faoliyati o‘rganilib, uning faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

 

Tadbirda qonun loyihasini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.