Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Temiryo'lchilar kasb bayrami katta tantana bilan nishonlanmoqda

Chop etish Sahifani ulashish
04.08.2023 3686 Yangiliklar

Bugun poytaxtimizdagi Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

 

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Ramatov, Transport vaziri I.Maxkamov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Z.Narzullayev, rais o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari, “Faxriy temiryo‘lchi” ko‘krak nishoni sohiblari, Toshkent shahridagi temir yo‘l korxonalari ishchi-xodimlari, faxriy temiryo‘lchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

 

Bayram tadbirining rasmiy ochilish marosimida A.Ramatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

 

Sizlar kabi minglab fidoyi yurtdoshlarimizning mas’uliyatli mehnati tufayli mamlakatimizda zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini to‘liq ta’minlay oladigan yaxlit temir yo‘l tizimi barpo etilib, respublikamizning barcha hudud va mintaqalarini ishonchli va samarali bog‘lab kelmoqda. Hozirgi kunda yurtimiz zamonaviy transport kommunikatsiyalari va yuksak tranzit salohiyatiga ega bo‘lgan davlat sifatida sharq va g‘arb, janub va shimolni o‘zaro bog‘laydigan xalqaro temir yo‘llarning muhim halqasiga aylangani bilan har qancha faxrlansak arziydi...Mamlakatimiz temir yo‘l tizimini modernizatsiya qilish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etgan holda yirik va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yangicha fikrlaydigan Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan zamonaviy kadrlarni tayyorlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz. O‘tgan davrda katta bilim va tajriba orttirgan temir yo‘l sohasi xodimlari oz‘larining mardona mehnatlari, bunyodkorlik salohiyati bilan oldimizda turgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etadilar deb ishonaman”, – deyiladi Prezident tabrigida.

 

Prezident tabrigini soha xodimlari katta hayajon va quvonch bilan tinglashdi. Marosimda Transport vaziri I.Maxkamov hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. Z.Narzullayev ham so‘zga chiqib, barcha temiryo‘lchilarni kasb bayrami bilan tabriklashdi.

 

Shundan so‘ng bayramning tantanali konsert dasturi boshlandi. Unda xalqimiz ardog‘idagi taniqli san’atkorlarning kuy qo‘shiqlari tinglandi.

 

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017-yil 2-avgust kuni "O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq, har yili avgust oyining birinchi yakshanbasi "Temir yo‘l transporti xodimlari kuni" sifatida keng nishonlab kelinmoqda.