Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Termiz tumanida zamonaviy avtoshohbekat qurilishi boshlandi

Chop etish Sahifani ulashish
23.01.2025 152 Yangiliklar

Surxondaryo viloyati Termiz tumani Juyjangal mahallasi hududida zamonaviy avtoshohbekat qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi viloyatning transport infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga yanada qulay xizmat ko‘rsatishdan iborat.

 

Yangi avtoshohbekat qurilishiga start berilishi tadbirida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Termiz tumani hokimi Shuhrat Nazarov, viloyat Transport boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Ibragimov hamda sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Shu yerning o‘zida yangi avtoshohbekat imkoniyatlari taqdimoti o‘tkazildi.

 

Mazkur avtoshohbekat bir vaqtning o‘zida 950-1000 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lib, bekat ishga tushishi bilan M-41 xalqaro avtomagistral yo‘li yo‘nalishidagi 7 ta tuman aholisi uchun transport xizmatlari ko‘rsatish yanada kengayadi. Bu esa Termiz shahriga kirish-chiqish jarayonlarini osonlashtirib, yangi yo‘nalishlar tashkil etilishiga xizmat qiladi.

 

Bunday loyihalarning amalga oshirilishi nafaqat transport xizmatlari rivojlanishiga, balki viloyatning umumiy ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilashga ham zamin yaratadi. Zamonaviy avtoshohbekat faqatgina Termiz shahrini emas, balki butun Surxondaryo viloyati uchun muhim infratuzilma obyekti hisoblanadi.