Bugun, 2 - noyabr kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov “The Investor” nashri tahririyati direktori Leanardo Slovinski bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar mamlakatimiz transport sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga xorijiy investorlarni jalb qilish imkoniyatlarini muhokama etishdi.
Xususan, davlat-xususiy sheriklik asosida Buxoro va Urganch aeroportlarini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Toshkent – Andijon, Toshkent – Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Ilhom Mahkamov davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan mamlakatimiz va butun mintaqa tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi yangi transport koridorlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” va “Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Leanardo Slovinski transport sohasi mamlakat iqtisodiyoti rivojida muhim o‘rin tutishini e’tirof etgan holda sohani rivojlantirish yo‘nalishada amalga oshirilayotgan loyihalarni yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar sohada amalga oshirilayotgan loyihalarga xorijiy investorlarni jalb qilish yo‘nalishida hamkorlikda ishlarni tashkil etishga kelishib oldi.