Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Toshkent metropoliteni Sergeli yoʻnalishini qurish ishlari yakunlanmoqda

Chop etish Sahifani ulashish
07.10.2020 8875 Yangiliklar
 
Sergeli — Olmazor metro yoʻnalishida relslarni oʻrnatish ishlari tugatilib, bekatlarda soʻnggi pardozlash ishlari olib borilmoqda
 
Megapolis shaharlar uchun transport kommunikatsiya tizimini rivojlantirish orqali shahar aholisiga va harakatlanayotgan avtomobillarga qulaylik yaratish juda muhim ahamiyatga ega. Markaziy Osiyoning eng yirik shahri boʻlgan Toshkentda ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholi turar joylari hamda transport infrastrukturasini rivojlantirish, yangi loyihalarni hayotga tadbiq etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
 
Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan Toshkent halqa metrosining birinchi bosqichi boʻlgan “Doʻstlik – Qoʻyliq” yoʻnalishi yurtimiz aholisi, ayniqsa, ushbu hudud atrofidagi yurtdoshlarimiz uchun katta qulaylik boʻldi. Har kuni soat 6:00 dan 23:00 ga qadar harakatlanayotgan metro vagonlarida yoʻlovchilar juda koʻpligini koʻrib, poytaxtimizda metro transportiga talab yuqori boʻlayotganiga yana bir bor amin boʻlamiz.
 
Shahrimizning katta tumanlaridan biri – Sergeli ham bugun tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketmoqda. Bu yerda katta, zamonaviy aholi yashash mavzesi paydo boʻldi. Oxirgi 3 yilda tumanda 19 ming 522 xonadonli 460 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi. Namunaviy koʻrinishdagi 26 ta mahalla guzari barpo etildi. Shu davrda 100 mingdan ziyod aholi koʻchib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshdi. 
 
Sergeli tumani poytaxt markazi bilan asosan Yangi Sergeli koʻchasi orqali bogʻlangan. Aholi soni ortib borishi esa shundoq ham koʻpincha tirband, avtobuslar tiqilinch boʻladigan ushbu koʻchaga yana-da qoʻshimcha yuklama boʻladi. Bu esa ushbu tumanda istiqomat qilayotgan aholi uchun qulay va xavfsiz transport-kommunikatsiya tizimini yana-da rivojlantirishni taqozo etadi. Bunday sharoitda yer usti metrosi juda qoʻl keladi.
 
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-noyabrdagi “Toshkent metropoliteni Sergeli yoʻnalishini qurish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan estakada shaklidagi yer usti metrosining bunyod etilayotgani esa ushbu muammoning ayni yechimi boʻlishi shubhasiz. Bugun nafaqat Sergeli tumani aholisi, balki poytaxtimiz, shu bilan birga Respublika aholisi ushbu yoʻnalishdagi yangi metro liniyasini foydalanishga topshirilishini intizorlik bilan kutmoqda.
 
Umumiy qiymati 82,66 million AQSH dollari boʻlgan ushbu mega loyihada dastlabki qurilish ishlari 2017-yil boshida boshlangan edi. Mazkur loyiha “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan tayyorlangan boʻlib, bunyodkorlik ishlari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan bajarilmoqda.
 
Loyiha “Choshtepa”, “Toshkent halqa yoʻli”, “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlaridan iborat. Bugungi kunda ushbu obyekt qurilish ishlarida 1 ming 200 ga yaqin mutaxassislar va ishchi-xodimlar, yuzdan ortiq mashina va texnikalardan foydalanilmoqda.
 
Eʼtiborlisi quruvchilar tomonidan hozirgacha “Choshtepa”, “Toshkent halqa yoʻli”, “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlarida asosiy qurilish ishlari yakunlanib, tashqi va ichki qismlarga bezak berish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu kungacha bekatlar oraligʻidagi ikki yoʻlli poʻlat izlarning jami 12,8 kilometr qismiga temir yoʻl izlari toʻliq yotqizildi. Taʼkidlash lozimki, “Choshtepa” bekati Chilonzor yoʻnalishidagi “Olmazor” yer osti bekati bilan bogʻlanadi. Belgilangan loyihaning ushbu murakkab yechimini amalga oshirishda quruvchi temiryoʻlchilar katta mehnat qilishdi. 
 
 
 
Ushbu yoʻnalishning tunnel qismi Toshkent metropolitenining Chilonzor yoʻnalishidagi “Olmazor” yer osti bekatiga ulandi. Eʼtiborlisi “Choshtepa” bekati yangi liniyaning dastlabki estakada shaklidagi bekati boʻladi. Undan keyin esa “Toshkent halqa yoʻli” bekati keladi. Ushbu yoʻnalish “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlari bilan yakun topadi. Bu bekatlarda ham yerda asosiy qurilish ishlari tugatilib, perronlarni pardozlash, eskalator oʻrnatish, metro poyezdlari uchun elektr energiyasini montaj qilish, elektr yoritish uchun kommunikatsiya kabellarini ulash ishlari olib borilmoqda.
 
Oʻtgan vaqt davomida loyiha smeta hujjatlarida koʻrsatilgan 1 ming 484 dona temir-beton balkalarning barchasi 100 foizga oʻrnatildi. Shuningdek, 222 dona tayanch ustun rigeli, 223 dona tayanch ustunning sifatli va mustahkam holda oʻrnatilishi yakuniga yetdi. Ushbu loyihani sifatli va mustahkam barpo etish va yoʻlovchilar uchun zamon talablariga mos sharoitlar yaratish maqsadida qurilish va muhandislikning turli yoʻnalishlaridagi tajribali mutaxassislar tomonidan barpo etilayotgan barcha yer usti metro bekatlarining bezaklarida zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanilib, milliy meʼmoriy koʻrinishini koʻrkam holatga keltirishadi. 
 
 
Bekatlarning kirish, chiqish hududlari koʻrinishi jihatidan bir-birini takrorlamaydi, yaʼni oʻziga hos rang-barang meʼmorchilik asosida barpo etilmoqda. Ayniqsa, perron qismiga ishlatilgan qurilish mahsulotlari koʻrinishi, rangi va turi boʻyicha bir-biridan farq qiladi. Yoʻlovchilar uchun ham katta qulayliklar yaratilishi koʻzda tutilgan. Xususan, imkoniyati cheklanganlar uchun bekatlar platformasida xavfsiz taktil plitkalar yotqizilishi hamda yoʻlovchilarning platformalarga koʻtarilishi uchun zamonaviy lift va eskalator, xavfsizlikni taʼminlash maqsadida esa bekatlarga zamonoviy video-kuzatuv uskunalari, IT rusumdagi turniketlar hamda elektr tejaydigan yoritish chiroqlari oʻrnatiladi. Mobil aloqa uskunalari uchun elektr quvvatlagichlar boʻladi.
 
Qurilish obyektlariga sifatli materiallarning oʻz vaqtida yetkazilishi bunyodkorlik ishlarini tez va mustahkam barpo etilishiga zamin yaratmoqda. Ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga hamda balandlikda ishlashda xavfsizlik talablariga toʻliq rioya etishiga katta ahamiyat qaratilmoqda. Har bir mutaxassis va xodim koronavirus pandemiyasidan saqlanish maqsadida sanitariya va gigiyena talablariga qatʼiy rioya etgan holda faoliyat olib bormoqda.
 
Sergeli metro yoʻnalishida qurilish ishlari toʻliq tugatilgach, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati va Rossiyaning “Metrovagonmash” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasidagi kelishuvga koʻra Toshkent shahridagi yer usti metropoliteni uchun har biri 4 vagondan iborat metro poyezdlari mazkur yangi yoʻnalishda harakatlanadi.
 
Ushbu loyiha yakuniga yetgach 214 ta yangi ish oʻrni ham yaratiladi.
 
 
 
 
Zafar MAXAMATOV,
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bosh menejeri – bosh muhandisi