Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishi ochildi

Chop etish Sahifani ulashish
26.12.2020 9583 Yangiliklar

 

Bu yilgi pandemiya keltirgan qiyin vaziyatda ham mamlakatimizdagi bunyodkorlik ishlari aslo to‘xtab qolmadi. Xalqimizning hayot sifatini oshirish, uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan ulkan loyihalar birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda.

 

Joriy yil Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi bitkazilgan edi. bugungi shukuhli kunlarda uning yana bir muhim bo‘g‘ini – Sergeli yo‘nalishi ishga tushirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni ushbu transport ob’ektini borib ko‘rdi. Shu yerda davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan dildan muloqot bo‘ldi.

- Bu yil iqtisodiyot uchun, odamlarimiz uchun qiyinchiliklar ko‘p bo‘ldi, hozir ham davom etyapti. Lekin shu murakkab holatlarni iloji boricha yumshatish bo‘yicha har kuni bamaslahat ishlayapmiz. Iqtisodiyotni rivojlantirish, bozor topish, odamlarga daromad manbai yaratish yo‘larini izlayapmiz. Hamma masalalar mahallabay hal qilinadi. Nimaga? Yaxshimiz ham, yomonimiz ham mahallada, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash, energiya quvvatlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar aytib o‘tildi.

- Ommaviy axborot vositalariga rahmat. Ular davlatimizga dushman emas, do‘st. Ular baland ovozda adolatni, haqiqatni aytib turmasa, rahbarlarning darrov oyog‘i yerdan uzilib qoladi. Xalqimiz, uyingga eski to‘ningni ilib qo‘yib, kimligingni unutma, deganidek, hamma rahbarlar shu elning farzandi, vakili ekanini doim yodda tutishi kerak. Yurtimizdagi tinchlikning qadriga yetib, xalqimizga munosib sharoit yaratishimiz zarur, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga poyezdda yurib, yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Bu metro yo‘nalishini loyihalashtirish 2017 yilda boshlangan edi. Qurilishning borishi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘ldi.

Uzunligi 7 kilometrlik mazkur temir yo‘lda beshta bekat barpo etilgan. Metropolitenning “Olmazor” bekati bilan oraliqda 580 metrlik tonnel qurilib, yerusti va yerosti yo‘llari bog‘langan.

Bekatlar milliy dizayn asosida pardozlangan, zamonaviy texnologiyalar, elektron to‘lovli turniketlar, eskalator va liftlar bilan jihozlangan. Bu yo‘nalishda 214 nafar xodim yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Ushbu yo‘nalishda kuniga 35 mingtagacha odam qatnashi mumkin. Shu bois u ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ekologik jihatdan ulkan ahamiyatga ega. Masalan, Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li aksar hollarda tirband bo‘ladi. Oqibatda yoqilg‘i sarfi ortib, atmosferaga katta miqdorda zararli gazlar chiqadi. Odamlar manziliga kechikib, asabiylashadi. Yangi yerusti metrosi esa aholiga juda katta qulaylik yaratadi.

Oxirgi bekatda ushbu Sergeli yo‘nalishini Qo‘yliq yo‘nalishi bilan bog‘lash, yerusti metrosining keyingi bosqichlarini qurish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

- Ilgari Sergeliga metro kelishini birov tasavvur qilganmidi?! Mana, endi xalqimizga katta qulaylik paydo bo‘ldi. Yana bir tomoni, bu ekologik toza transport. Keyingi metro yo‘llarini ham aholiga ma’qul, qulay, xavfsiz, sifatli qilib qurish, xorij tajribasini o‘rganish kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

Poytaxtimizda aholi zich yashaydigan Qoraqamish, Ibn Sino, Toshkent traktor zavodi mavzelarida jamoat transporti tizimini yaxshilash, avtobus yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yerusti metrosi tagidagi sport maydonchasi ham ko‘zdan kechirildi.