27-noyabr kuni Toshkentda aviakompaniyalar, aeroportlar, transport-logistika kompaniyalari va aeronavigatsiya xizmatlari provayderlari vakillarini bir joy jamlagan “Central Asia Air Cargo Summit” Xalqaro aviatsiya sammiti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirokchilar yuk aviatashuvlari sohasidagi so‘nggi tendensiyalar va innovatsiyalar, aviatsiya transportini rivojlantirishning dolzarb masalalari, havo bo‘ylab yuk tashish sohasida vujudga kelayotgan muammolar va ularning yechimini muhokama etishdi.
Tadbir ochilishida ishtirok etgan Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev bugungi tez o‘zgaruvchan dunyoda aviatashuvlar sohasi ko‘plab muammo va yangi imkoniyatlarga ro‘baro‘ kelayotganini ta’kidlab o‘tdi. – Elektron tijoratning o‘sishidan tortib, tezroq va samaraliroq yetkazib berish xizmatlariga bo‘lgan talabning keskin ortishi, sohani doimiy ravishda olg‘a rivojlanishiga turtki bermoqda. Mazkur vaziyatda yanada raqobatbardosh bo‘lish va mijozlarning ehtiyojlarini qondirish uchun zamon bilan hamnafas holda ushbu o‘zgarishlarga moslashishi zarur, – deya ta’kidladi vazir o‘rinbosari.
Air Cargo Summit aviatsiya sohasi ishtirokchilari o‘rtasida dolzarb masalalarni muhokama qilish va hamkorlikni mustahkamlash uchun samarali maydon vazifasini o‘tadi.