Bugun, 19 fevral kuni Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida «Uzbekistan Airports, Aviation&Logistics Forum» Birinchi xalqaro aviatsiya forumiga start berildi. Forumni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Elyor G‘aniev ochib berdi.
“Turizm sohasini rivojlantirishda transport tizimini takomillashtirish eng muhim shartlardan biri hisoblangani uchun ham bugungi kunda O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida aviatsiya sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada, xususan davlat boshqaruv tizimini yaxshilash maqsadida Transport vazirligi tashkil etildi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tarkibiy jihatdan bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikkita “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” kompaniyalariga ajratildi. Shu bilan birga, xalqaro huquq normalariga muvofiq 2019 yilning 1 oktyabridan boshlab “Qarshi”, “Nukus”, “Termiz” hamda “Buxoro” xalqaro aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilindi. Hozirda mazkur aeroportlarga parvozlarni amalga oshirishni tashkil etish yuzasidan qator xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda”, - dedi Aziz Abduhakimov.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish doirasida so‘nggi uch yilda respublikamizga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 15 tadan 23 taga etdi. O‘tgan davr mobaynida “IrAero”, “FlyDubai” “Zagros Airlines” kabi aviakompaniyalarining mamlakatga yangi yo‘nalishlarda doimiy qatnovlari yo‘lga qo‘yildi, “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd.” va “Atlasglobal” aviakompaniyalarining charter reyslari ochildi.
Tadbirda shuningdek Transport vaziri Elyor G‘aniev ham so‘zga chiqib, sayyohlar oqimini oshirish va bunda transport tizimini takomillashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
“Aeroportlarning holatini yaxshilash uchun bir qator yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, Samarqand xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagini qurish natijasida aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 500 nafar yo‘lovchidan 1500 nafarga ko‘tariladi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent aeroportining o‘tkazuvchanlik holatini optimallashtirish va rekonstruktsiya qilish natijasida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qobiliyati yiliga 4 milliondan 7 millionga ortadi. “Termiz” xalqaro aeroportida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagini qurish, “Andijon”aeroportini rekonstruktsiya qilish natijasida barcha turdagi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish imkoni yaratiladi, amalga oshirilayotgan qatnovlar sonining 2-3 baravarga ortishiga olib keladi”, - dedi Transport vaziri.
Elyor G‘anievning ta’kidlashicha, ushbu tadbirlarni ilg‘or xalqaro tajribaga muvofiq ravishda sifatli amalga oshirish uchun Jahon banki mutaxassislari jalb qilindi, ular aviatsiya bozorini liberallashtirish va ushbu sohada zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishga qaratilgan aviatsiya sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etishmoqda.
2019 yilda o‘z faoliyatini boshlagan «Uzbekistan Airports» AJ raisi Ravshan Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning mavjud aeroportlari renovatsiyasi bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan, bu aeroportlarimizning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish jarayonini optimallashtirish yo‘lida xizmat qiladi.
“Aeroportlarni rivojlantirishning amaliy strategiyasini ishlab chiqish uchun Germaniya (Airport Research Center Gmbh) va Rossiya («Инновационный центр гражданской авиации» MChJ)dan ekspertlar jalb qilindi”, - dedi Ravshan Ismailov.
Ta’kidlash joizki, Birinchi xalqaro aviaforumga dunyoning turli mamlakatlaridan 180 ga yaqin kompaniya vakillari tashrif buyurgan. Xalqaro aviaforumga “Jetcraft” (AQSh), “Air Charter Service” (Buyuk Britaniya), “Bombardier Business jets” (Kanada), “TLD” (Hindiston), “Lufthansa consulting” (Germaniya), “EGIS” (Frantsiya), “ATR” (Ispaniya), “Kuwait Airways” (Kuvayt), “Air Arabia” va “BGT Events” (BAA), “Gulf Air” (Baxrayn), “Korean Air” va “Asiana Airlines” (Janubiy Koreya), “Azerbaijan Airlines” (Ozarboyjon), “Aeroflot” va “IrAero” (Rossiya), “Al Masriya” (Misr), “Zagros Airlines” (Eron), “Pegasus Airlines” va “Turkish Airlines” (Turkiya), “Mitsubishi Corporation” (Yaponiya), “Air Astana” (Qozog‘iston) va b.