O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining bayon qaroriga ko‘ra, yo‘lovchilarni yengil avtomobillarda tashish faoliyati uchun karantin muddatiga cheklov e’lon qilinganligini inobatga olib, Toshkent shahar Transport boshqarmasi tomonidan 2020 yilning 15 aprelidan 5 mayiga qadar Toshkent shahrida yo‘lovchilarni shaharda yengil avtomobillarda tashish faoliyati uchun litsenziya varaqalari berish vaqtincha to‘xtatildi.
Maxsus komissiyaning bayon qaroriga asosan, aholiga qulaylik yaratish maqsadida yuqoridagi litsenziya varaqalariga ega bo‘lgan avtotransport vositalari faqatgina yo‘lovchilarsiz, yetkazib berish xizmati (kuryer, dostavka, keytering) bilan shug‘ullanishi belgilandi. Ular tomonidan faqatgina oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum vositalar, shuningdek birinchi navbatda zarur mahsulotlar tashiladi.
Bundan tashqari holatlarda ya’ni, yo‘lovchi tashish yoki fuqarolar bilan bog‘liq boshqa faoliyatlar bilan shug‘ullangan taqdirda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘riladi.
Ta’kidlash joizki ayni kunda, Toshkent shahrida yo‘lovchilarni engil avtomobillarda tashish faoliyati uchun litsenziyalangan avtomobillar soni 11 792 taga yetdi.
Hurmatli tadbirkorlar, o‘zimiz va atrofimizdagilarning sog‘lig‘ini saqlash uchun belgilangan tartib qoidalar hamda cheklovlarga qat’iy amal qilaylik.