O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida “Transport to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Bugun mamlakatimiz transport tizimining har bir tarmog‘ida o‘z faoliyatiga doir “Avtomobil transporti to‘g‘risida”, “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida” qonunlar va Havo kodeksi kabi qonun hujjatlari mavjud.
Natijada transport tizimining avtomobil, temir yo‘l, aviatsiya, suv transporti tarmoqlari bir-biridan alohida, o‘z yo‘nalishida rivojlanib, ular faoliyatini muvofiqlashtiruvchi alohida qonun mavjud emas edi.
Ko‘rib chiqilayotgan Qonun esa sohadagi bu kabi kamchiliklarni bartaraf etishda tarmoqdagi qonun hujjatlari bilan teng yuridik kuchga ega bo‘lgan, bir vaqtning o‘zida ishlaydigan, bir-birini to‘ldiradigan normalarni belgilaydi.
Tashish shartnomasi va majburiyatlari bo‘yicha yuzaga keladigan javobgarlikni ta’minlash kabi iqtisodiy masalalarning hal etilishi orqali tijorat transporti faoliyatini rivojlantirish ham Qonunning asosiy maqsadlaridan biridir.
Tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, transport faoliyati subyektlarining tengligi, davlat va transport faoliyati subyektlari manfaatlarining uyg‘unligi va javobgarligi kabi tamoyillar ham Qonun bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Umuman Qonun tijorat asosida amalga oshiriladigan har qanday transport faoliyatini yuritishda vujudga keladigan munosabatlarga nisbatan tadbiq etiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.