Bugun, Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Litva Respublikasi transport va kommunikatsiya vaziri o‘rinbosari Yulius Skachkauskas boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda transport va logistika sohasida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Xususan, fuqaro aviatsiyasi sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish orqali mamlakatlar o‘rtasida muntazam yo‘lovchi va yuk tashuvlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, avtomobil transportida va temir yo‘llari orqali xalqaro yuk tashuvlarini rivojlantirish bunda Litva portlari va logistika markazlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida Litva portlari imkoniyatlari, xususan, Klaypeda porti infratuzilmasi u yerda yaratilgan sharoitlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida transport va logistika yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha sharoitlar mavjudligini, imkoniyatlardan samarali foydalanish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Uchrashuvda muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi.