Bugun, 7-avgust kuni Transport vaziri Ilhom Maxkamov “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiantlari bilan uchrashdi.
AQSh va Buyuk Britaniya universitetlarida mashinasozlik, muhandislik, mashina va energetika, aeronavtikani boshqarish texnologiyasi mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olishi kutilayotgan 6 nafar yoshlarni vazir tanlovda g‘olib bo‘lganligi bilan samimiy qutladi.
Yoshlar – ertamiz egalari, kelajak bunyodkorlaridir. Shu bois, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida yoshlar bilan doimiy muloqot qilishga, yoshlar masalasiga davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Yoshlar bilan uchrashuvda I.Maxkamov davlatimiz rahbari boshchiligida professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarni shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etish borasida barcha shart-sharoitlar yaratilayotganiga alohida to‘xtaldi.
Bugun dunyoning eng yaxshi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lgan ushbu yoshlarga vazir zamonaviy kasb va bilimlarni egallash yo‘lidagi intilishlariga zafarlar tiladi.