Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Transport vazirligi oldiga kelgusi yilda aviatashuvlar hajmini 20 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi

Chop etish Sahifani ulashish
18.12.2023 1842 Yangiliklar

Prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda qayd etilganidek, transport xizmatlarining yarmi avtotransportga to‘g‘ri keladi. Bu yil 1,5 mingga yaqin avtobus olib kelingan bo‘lsa-da, o‘sish 5,5 foizdan oshmagan.

 

Transport vazirligiga yana kamida 1 ming 200 ta avtobus sotib olib, yo‘nalishlarga chiqarish topshirildi. Shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga avtobus qatnovlari 2 barobar oshiriladi.

 

Aviaxizmatlar bozorida ham raqobat paydo bo‘ldi, 6 ta xususiy kompaniya ish boshladi. Yil boshidan 25 ta yangi samolyot olib kelindi, 17 ta yo‘nalish ochildi. Shunga qaramasdan, sohadagi xizmatlar hajmi 7,7 foiz o‘sgan, xolos. Transport vazirligi oldiga kelgusi yilda aviatashuvlar hajmini 20 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi.

 

Buning uchun Toshkent shahrini viloyat markazlari bilan bog‘lovchi har kuni kamida 2 tadan reys qo‘yiladi, viloyat markazlarini o‘zaro bog‘lovchi haftasiga kamida 1 tadan reys amalga oshiriladi, kamida 7 ta samolyot olib kelinib, yana 3 ta xalqaro yo‘nalish ochiladi.

 

Yig‘ilishda, shuningdek, temiryo‘l tariflari qayta ko‘rib chiqilgani, keraksiz imtiyozlar bekor qilingani aytildi. Shuningdek, 6 ta tezyurar hamda shaharlararo qatnaydigan 30 ta elektr poyezd olib kelinmoqda. Bu sohada kelgusi yilda kamida 20 foiz o‘sishni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

 

Prezident xalqaro tashuvlarda mahalliy transport-ekspeditor korxonalar ulushi kamligini qayd etdi. Mahalliy ekspeditorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning xizmatidan foydalanilganda, import tovarlariga bojxona boji hisoblashda transport xarajatini chegirish, xalqaro tashishlarda mahalliy ekspeditorlar xizmatiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz berish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi.