O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida har bir vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari hamda hokimlarga yoshlar bilan ishlash bo‘yicha alohida vazifalarni bergan edi. Ushbu vazifaning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tizimda faoliyat olib borayotgan yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Xususan, 31 yanvar kuni Markaziy temiryo‘lchilar madaniyat saroyida Transport vazirining birinchi o‘rinbosari I.Mahkamov boshchiligidagi mutasaddi rahbarlarning yoshlar bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzbekistan airways” AJ, “Uzautotrans Service” MChJ, hududiy transport boshqarmalari va Transport vazirligi huzuridagi avtomobil yo‘llari qo‘mitasida faoliyat yurituvchi yoshlarning 450 nafari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida transport vazirining birinchi o‘rinbosari I.Mahkamov transport vazirligi tomonidan 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2020 yilda mamlakatimiz transport tizimini tubdan takomillashtirish, mazkur sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablari darajasiga ko‘tarish yuzasidan belgilangan strategik maqsadlarga to‘xtalib o‘tdi.
— Ayniqsa bugun mamlakatimiz transport sohasiga raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali barcha uchun qulay bo‘lgan tizimni yaratish dolzarb masala, — deydi transport vazirining birinchi o‘rinbosari I.Mahkamov. – Mazkur jarayonda esa ilg‘or fikrlovchi yoshlarning yangi g‘oyalari muhim ahamiyatga ega. Zero, bugun mamlakatimiz transport sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan yosh kadrlar 40 foizni tashkil etadi. Sohani rivojlantirish yo‘lida transport vazirligi oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirilishida esa yoshlarning o‘rni beqiyosdir.
Ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar, qiziqtirayotgan savollar va takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, yoshlar avtomobil va temir yo‘l kesishmalarida vujudga kelayotgan tirbandliklarning oldini olish, yuk va yo‘lovchi tashuvlari sohasiga tadbirkorlarni yanada kengroq jalb etish, joylarda faoliyat ko‘rsatiyotgan yosh kadrlarni faol qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.