Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Transport vazirligi tashabbusi bilan davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

Chop etish Sahifani ulashish
23.09.2020 5759 Yangiliklar

   O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashabbusi bilan Toshkent davlat transport universitetida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash va sohada bu borada amalga oshirilayotgan ishlar holatini muhokama etish, shuningdek, “O‘zbek tili bayrami” kuniga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
   1. Tadbirni transport vazirining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilorom Jalolova olib bordi.
Dilorom Jalolova transport tizimi tashkilotlarining mutasaddi xodimlariga tashkilotlarning ish qog‘ozlaridan tortib avtotransport ob'ektlaridagi peshlavhalar, e'lonlar va transport vositalaridagi yozuvlar davlat tilida xatosiz bo‘lishi lozimligi to‘g‘risida tushuntirib o‘tdi.
Shuningdek, sohada davlat tilining ahamiyati naqadar muhim ekanini ta'kidlab, zamonaviy transport atamalarining o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanilishini ta'minlash zarurligini aytib o‘tdi.
   2. Jamoat transporti xizmatidan minglab kishi foydalanishini e'tiborga olib, metropoliten stansiyalari va vagonlarida, respublikamiz aeroportlari yo‘lovchi terminallarida, avtovokzallarda O‘zbek tili bayrami arafasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan birgalikda Davlat tili targ‘ibotiga bag‘ishlangan ijtimoiy roliklar namoyishi tashkil etilgani yig‘ilish ishtirokchilari e'tiboriga yetkazildi va kelgusida bu kabi ishlarni davom ettirish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi va fikr almashildi.
   3. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan yangidan nashr etilgan “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi va “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” taqdimoti o‘tkazildi. Bunda, so‘zga chiqqanlar ushbu qo‘llanma va lug‘at bayram arafasida ular uchun eng yaxshi tuhfa bo‘lganini e'tirof etib, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarini yanada takomillashtirishi haqida so‘z yuritdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi tarqatildi. Toshkent davlat transport universiteti kutubxonasiga “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi sovg‘a qilindi.
Yig‘ilishda ishtirok etish imkoniyati bo‘lmagan hududlardagi korxonalar mutasaddilariga onlayn qatnashish imkoniyati yaratildi.