Joriy yilning 6 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshiruvchi 20 dan ortiq xorijiy aviakompaniyalarining vakillari bilan Transport vazirining birinchi o‘rinbosari I.Mahkamov raisligida uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda Vazirlikning Havo trasportini rivojlantirish departamenti, “O‘zaviatsiya” agentligi, “Uzbekistan Airports” AJ, “O‘zaeronavigatsiya” markazi DUK, “Uzbekistan Airways Technics” MChJ, “Ketring” MChJlarning rahbar va mutasaddi xodimlari hamda Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuvda 2018-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan Farmon va qarorlarga muvofiq transport sohasi, shuningdek fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan hamda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan O‘zbekiston aviatsiya bozorini va aviakompaniyalarning parvozlar geografiyasini rivojlantirish, aeroportlarda havo kemalari, yo‘lovchi va yuklarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va sifat darajasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu uchrashuvda Fly Dubai, Korean Air, Asiana, Turkush Airlines, Air Astana, China Southern, Aeroflot, Sibir va boshqa aviakompaniya vakillari so‘zga chiqib, taklif va muloxazalari bilan fikr almashildi. Aviakompaniya vakillarining ko‘pchiligi O‘zbekiston Respublikasiga parvozlar sonini ko‘paytirishga va yangi yo‘nalishlarni ochishga tayyor ekanliklarini namoyon qilishdi. Shu bilan bir qatorda, Transport vazirligining mazkur rejalarni amalga oshirish uchun kerakli chora-tadbirlarni qo‘llashga hamda ko‘maklashishga tayyorligi yuzasidan kelishib olindi.
Shuningdek, muzokarolar davomida aeroportlarda xizmat qilish tezligini va sifatini oshirish, tariflarni qayta ko‘rib chiqish, aeroportlarda registratsiya qilish o‘rinlarini kengaytirish, xizmat ko‘rsatayotgan agentlar sonini oshirib ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini kuchaytirish hamda samolyotlar uchib kelish va ketish jadvallarini optimallashtirish va ortiqcha to‘lovlarni qayta ko‘rib chiqish masalalari ham atroflicha muhokoma qilindi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joyizki, bugungi kunda Transport vazirligi tomonidan aviatsiya sohasiga alohida e’tibor qaratilib respublika hududidagi barcha aeroportlarni rivojlantirish, barqarorlashtirish va havo transportini mukammallashtirishni 2020 yilning asosiy maqsadlaridan biri etib belgilab olingan. Shuningdek, aeroportlar hududida qulay shart-sharoitlar yaratish, raqobatbardosh tariflar joriy etish va xizmatlar turlarini kengaytirish hozirgi kun talablariga muvofiq bo‘lmoqda va aviakompaniyalar hamda yulovchilar uchun yangi va sifatli imkoniyatlar yaratish O‘zbekiston Respublikasi hududida aviatsiya sohasini yanada jadal rivojlantirishiga omil bo‘ladi.
O'zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi axborot xizmati