Respublikamiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish hamda yashil maydonlarni ko‘paytirish ishlari jadal olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan ushbu xayrli tadbirda Transport vazirligi, uning tizim va sohaviy tashkilotlari xodimlari ham faol ishtirok etishib, Toshkent viloyati Ohangaron tumani “Ozodlik” MFY hududida 25 gektar yer maydonida navbatdagi “Transportchilar” bog‘ini barpo etishmoqda.
Daraxt ekib, bog‘ yaratish xalqimizga xos milliy qadriyatlardan biridir. Yurtimizda yashillikni kengaytirish barobarida tabiatni asrash, ekologiya musaffoligini saqlashga qaratilgan loyiha doirasida tashkil etilgan ko‘chat ekish ishlarida 1000 dan ortiq xodimlar ishtirok etishdi. Ushbu hududga 160 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tkazib, katta bog‘ barpo etish maqsad qilingan.
Xalqimizda, yaxshidan bog‘ qoladi degan naql bejizga aytilmagan. Bugun biz ekkan nihollar, kelajakda unib-o‘sib ushbu hududga ko‘rk bag‘ishlashi bilan birga, atrof-muhit ekologiyasining yaxshilanishiga ham hissa qo‘shadi. Ushbu hududda bunyod bo‘ladigan bog‘ bizning kelajak avlodga munosib tuhfamizdir.
Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak”.