Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi O‘zbekiston Milliy pavilyonida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP29) doirasida barqaror rivojlanish hamda Milliy miqyosda belgilangan hissalar (MMBH) loyihasidagi maqsadlarga erishishda avtotransport sohasida amalga oshirilayotgan choralar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimot davomida Toshkent va Samarqand shaharlari jamoat transportini past uglerodli elektrobuslar parki bilan yangilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar, mamlakat transport sohasida gender-inklyuzivlikni ta’minlashda olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi, shuningdek, Toshkent shahrida yaratilishi rejalashtirilgan alohida jamoat transport yo‘lagi konsepsiyasi namoyish etildi.
Ko‘rilayotgan choralar transport sohasidan atmosfera havosiga chiqadigan uglerod tashlanmalarni qisqartirishga, Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga xizmat qilib, milliy belgilangan hissa hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishilishiga ijobiy hissa qo‘shayotganligi alohida e’tirof etildi.
Bugungi kunda shaharlarni barqaror rivojlantirishda transportning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Shaharlarda transport uchun ekologik standartlarni joriy etilmaganligi, shahar infratuzilmasi asosan shaxsiy avtotransportlar uchun moslashtirilganligi avtotransportdan tartibsiz foydalanishga olib kelib, atmosfera havosiga transportning salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Xususan, O‘zbekistonda jami СO2 tashlanmalarining o‘rtacha 10 foizi, Toshkent shahrida PM2.5 tashlanmalarining 25 foizi transport sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shaharlar rivojlanar ekan, unda istiqomat qiladigan doimiy aholi soni ham oshib boradi. Shahar aholisining mobillikka (harakatchalikka) bo‘lgan ehtiyojini qondirishda past uglerodli yechimlarni qo‘llash dolzarb masalaga aylangan.
Past uglerodli jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish, atmosferaga salbiy ta’siri kam bo‘lgan aholini mobilligini saqlash yo‘lidagi kam sonli yechimlardan biridir.