Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Turizm sohasida logistikani rivojlantirish masalalari muhokama etildi

Chop etish Sahifani ulashish
11.11.2021 5495 Yangiliklar

 

Transport vazirligida Turizm va sport vazirligi mutasaddilari hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turizm sohasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda transport logistikasini rivojlantirish hamda turizm sohasida transport xizmatlarini ko‘rsatishdagi mavjud muammolar muhokama etildi.

Transport vazirining turizm sohasida transport logistikasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi T.B.Allayarov rahbarligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda turindustriya vakillari o‘z faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammoli masalalar va ularning yechimi yuzasidan Transport vazirligi tizim tashkilotlari vakillari bilan fikr almashishdi.

Xususan, transport qatnovlari va logistika bilan bog‘liq masalalar, mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda bajarilayotgan aviaqatnovlar, avia va temir yo‘l chiptalarini sotib olish jarayonlari, sayyohlik avtobuslari qatnovlari bilan bog‘liq jihatlar muhokamalar markazida bo‘ldi.

Uchrashuvda ishtirok etgan sayyohlik kompaniyalari vakillari mahalliy yo‘nalishlarda aviaqatnovlar sonining oshirilgani, chiptalarni aviakompaniya saytidan sotib olganda taqdim etilayotgan chegirmalar, Afrosiyob poyezdlari qatnovlarining ko‘paytirilgani va temir yo‘l kassalarining ish faoliyati 24 soat davomida tashkil etilganligini alohida e’tirof etishdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida bir nechta masalalar jumladan, transportning barcha turlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni qamrab olgan, o‘zaro integratsiyalashgan yagona portalni yaratish, ayrim yo‘nalishlardagi avia va temiryo‘l qatnovlari jadvalini sayyohlarga yanada qulay qilib qayta ishlab chiqish, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.

Tomonlar turizm sohasidagi logistika xizmatlarini rivojlantirish yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga, shuningdek, dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muntazam uchrashuvlar tashkil etishni davom ettirishga kelishib oldilar.