Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Turkmaniston va Eron bilan transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi

Chop etish Sahifani ulashish
16.08.2022 6217 Yangiliklar

 

Avval xabar berilganidek, joriy yilning 15-16 avgust kunlari Turkmanistonning "Avaza" milliy sayyohlik zonasida dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlatlar Transport vazirlarining “Ashxobod jarayoni: o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish uchun” mavzusidagi Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

 

Konferensiyaning “Global pandemiyadan so‘ng barqaror iqtisodiy tiklanish uchun transportni moliyalashtirish, transport vazirlari darajasida fikr, tajriba, tashabbuslar ishlab chiqish" mavzusidagi plenar sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Transport va kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Mammetxan Chakiyev, Birlashgan Arab Amirliklari Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazrui, Eron yo‘l va shaharsozlik vaziri Said Rustam Qosimiy va Tojikiston transport vaziri Azim Ibroxim qatnashdi.

 

Konferensiya doirasida O‘zekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov Turkmaniston Transport va kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Mammetxan Chakiyev hamda Eron yo‘l va shaharsozlik vaziri Said Rustam Qosimiy bilan transport va logistika sohasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, yuk tashuvlarida o‘zaro imtiyozlar taqdim etish va milliy tashuvchilarga qulayliklar yaratish masalasida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.

 

Mammetxan Chakiyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida tomonlar Ashxobod bitimi doirasida “O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron” xalqaro transport va tranzit yo‘lagi orqali yuklarni Turkiyaga (Van ko‘li orqali) intermodal tashuvlarlarini tashkil etish, avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘imlarni qisqartirish, O‘zbekiston Respublikasi milliy haydovchilariga Turkmaniston vizasini olish tartibini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

 

Eron yo‘l va shaharsozlik vaziri Said Rustam Qosimiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda avtomobilda xalqaro yuk tashuvlari uchun o‘rnatilgan yig‘im va to‘lovlar miqdorini qisqartirish, “Chobahor” portidan O‘zbekistonga pilot yuk avtomobil tashuvlarni tashkil etish, O‘zbekiston orqali “Xitoy-Yevropa” transport yo‘nalishida tashuvlarni rivojlantirish maqsadida Eron tomoni bilan Turkiyaning Van ko‘li orqali tashuvlar sxemasini hamkorlikda ishlab chiqishga kelishildi.

 

Uchrashuvlar yakuniga ko‘ra Transport vaziri I.Mahkamov tomonidan 2011 - yilda imzolangan Ashxobod bitimiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha besh tomonlama Ahdlashuv Memorandumi imzolandi.