Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Uch pog'onali transport yechimi poytaxtimizning o'ziga xos “tashrif qog'ozi”ga aylanadi

Chop etish Sahifani ulashish
10.02.2020 6404 Yangiliklar

Ayni paytda Toshkent shahrining eng katta chorrahalaridan biri bo'lgan Ohangaron va Parkent hamda Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko'chalarini bog'lovchi yangi transport yechimi qurilishi jadal davom ettirilmoqda.

Poytaxtimizning o'ziga xos “tashrif qog'ozi”ga aylanishi kutilayotgan ushbu ob'ekt bitishini ko'pchilik katta qiziqish bilan kutyapti. Albatta, buning o'ziga xos sabablari bor. Gap shundaki, qurilishi 2018 yilning may oyida boshlangan mazkur loyiha mamlakatimizdagi dastlabki uch pog'onalik transport yechimi hisoblanadi. Yana bir e'tiborli tomoni shuki, uning atrofida birorta ham svetoforlar bo'lmaydi. Avtomobillar barcha yo'nalishda to'xtovsiz harakatni davom ettirishi tufayli tirbandliklarning oldi olinadi. Ushbu transport yechimi “Ko'prikqurilishloyiha” UK hamda “Boshtransloyiha” AJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, unga ko'ra Ohangaron va Parkent ko'chalari umumiy uzunligi 502 metr bo'lgan tunnel uslubidagi yo'l o'tkazgich bilan bog'lanadi. Tunnelning kengligi 26,7 metr, ko'prik osti balandligi esa 5,5 metrni tashkil etadi. Loyihaning ikkinchi pog'onasida 2 ta yo'l o'tkazgich barpo etilishi bilan umumiy diametri 329,2 metrli xalqasimon yo'l harakati tashkil etilmoqda. Uchinchi pog'onasi esa Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko'chalarini bog'lovchi umumiy uzunligi 593 metr, kengligi 26 metr bo'lgan yo'l o'tkazgichdir. Uning 411 metri estakada, 182 metri esa tayanch devorli qismdan iborat.

Mazkur bunyodkorlik ishlari “O'zbekiston temir yo'llari” AJ tarkibidagi “Ko'prikqurilish tresti” UK tomonidan olib borilmoqda. Bugungi kungacha bunyodkorlik yumushlarining 90 foizidan ortig'i bajarildi. Bugungi kunga kelib uchala pog'onada ham beton yotqizish ishlari tugatilgan bo'lib, yer osti va estakada yo'nalishining ikki tomoniga piyodalar yo'laklari qurildi va bordyurlar o'rnatilib chiqildi. Ayni paytda loyihaning uchinchi pog'onasidagi piyodalar yuradigan yo'laklardagi beton to'siqlarga ko'rkam metall konstruktsiyalari o'rnatilib, asfalt bilan qoplanmoqda. Shuningdek, elektr energiyasi tarmoqlari ham tortilib, yoritish tizimi uskunalarini o'rnatishga tayyorgarlik jarayoni boshlab yuborildi. 

– So'nggi uch yil davomida poytaxtda transport muammolarini yechish, avtomobillarning muntazam harakatini tashkil etish, yangi yo'nalishdagi yo'llar, ko'prik va yo'l o'tkazgichlarni barpo etishga alohida e'tibor qaratilmoqda, – deydi “Ko'prikqurilish tresti” UKning 13-sonli otryadi ish boshqaruvchisi Jamshid To'laganov. – Xususan, ayni paytda qurilish ishlari olib borilayotgan ushbu chorrahada ham avtomobillar harakati tig'iz bo'lib, haydovchi va yo'lovchilarga ko'plab noqulayliklar tug'dirayotgan edi. Ayniqsa, yangi Maxtumquli yo'li qurilib, chorrahaga qo'shilishi tirbandliklar ko'payib ketishiga olib kelayotgandi. Bu esa ushbu hududda jahon talablari darajasidagi yo'l o'tkazgichni bunyod etilishini taqozo etardi. Mazkur yo'l o'tkazgich bitgach, tirbandliklar oldi olinib, o'tkazish imkoniyati soatiga 21 mingtaga yetadi. 

Hozirda qurilishda 100 nafardan ortiq ishchi-xodimlar mehnat qilayotgan bo'lib, 50 ga yaqin zamonaviy texnikalar jalb etilgan. Ahamiyatga molik yana bir tomon, zarur temir-beton materiallari trestga qarashli ishlab chiqarish korxonalari (poligonlari)da tayyorlanayotgani ishga unum bag'ishlamoqda. Mutaxassislarning aytishicha, tez orada loyihadan o’rin olgan barcha qurilish ishlari yakunlanib, uch pog'onali transport yechimi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.

Manba: “O'zbekiston temir yo'llari” AJ axborot-tahliliy media markazi