Bugun Urganch shahrining qoq markazida bunyod etilgan zamonaviy yer osti avtomobil yo‘li foydalanishga topshirildi. Mazkur tunnelning uzunligi 500 metr, kengligi 17 metrni tashkil etib, loyiha bo‘yicha soatiga 3200 ta avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega.
Yangi inshootning ochilish marosimida nuroniylar, yoshlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar. Viloyat hokimi Farxod Ermanov barchani yer osti yo‘l o‘tkazgichi foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tabrikladi.
Ta’kidlash kerak, bunday yer osti avtomobil yo‘li Respublikamiz viloyatlari ichida ilk bor Xorazmda bunyod etildi. Mazkur yo‘l o‘tkazgichni barpo qilishda bosh pudratchi tashkilot "Ko‘prikqurilish tresti" UKning "14-Ko‘prikqurilish" otryadiga qarashli 140 ta maxsus texnika hamda 1 800 nafardan ziyod malakali injenerlar, quruvchi va ustalar fidoyilik bilan mehnat qildilar.
Ma’lumki, al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari shahardagi eng tirband yo‘llardan bo‘lib, al-Xorazmiy ko‘chasida sutkasiga o‘rtacha 18 ming, Islom Karimov ko‘chasida 14 ming dona transport vositalari harakatlanadi. Yer osti yo‘li qurilishi natijasida ushbu chorrahadagi tirbandlik bartaraf etildi, yo‘l-transport hodisalarining oldi olinib, piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlandi.
Shuningdek, mazkur tunnel orqali har kuni shahar ichi va shahar atrofi yo‘nalishlarida qatnaydigan 200 dan ortiq avtobus va mikroavtobuslar harakatlanadi, ushbu jamoat transportlarida o‘rtacha 30 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.
Yer osti yo‘li qurilishi bilan birga Qirg‘izyop kanalining shu hududdan oqib o‘tuvchi qismi yangidan betonlashtirildi, zamonaviy panjaralar o‘rnatilib, obodonlashtirish ishlari bajarildi.