Urgut tumani olis qishloqlaridan tuman markazi yoki boshqa shaharlarga borib-kelish uchun yo‘lovchilarga qulay sharoitlar yaratish, umuman tuman aholisining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi tomonidan “Avtotrans Urgut” davlat unitar korxonasi tashkil etilgan edi. Ushbu korxonaga 2019 yilning dekabr oyi boshida 60 dona ISUZU rusumli avtobuslar sotib olingandi.
Tuman aholisi bilan bir necha marotaba tashkil etilgan sayyor qabullar davomida bildirilgan takliflar va murojaatlar asosida yangi yo‘nalishlarda avtobus qatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, yangi sotib olingan avtobuslar 2020 yilning yanvar oyidan e’tiboran 17 ta yo‘nalishga bosqichma-bosqich joylashtirilishi belgilangan edi.
Bugun mazkur yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslar Samarqand shahridan Urgut tumani qishloqlari tomon yo‘l oldi. Shu munosabat bilan Ko‘ksaroy maydonida tadbir tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, urgutliklarni, xususan, yangi ishga qabul qilingan haydovchilarni tabrikladi.
Yangi tashkil etilgan yo‘nalishlardan 5 tasi Urgut tumani markazini bevosita Samarqand shahri bilan bog‘laydi. Bular, “Urgut shahri- Siyob ABB”, “Urgut ABB- Baxrin-Siyob ABB”, “Urgut ABB- Dehqonobod- Siyob ABB”, “Urgut ABB- Sovg‘on- Taroqli- Siyob ABB”, “Jartepa- Siyob ABB” qolgan 12 ta yo‘nalish esa tuman ichki avtobus yo‘nalishlaridir.
O'zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi axborot xizmati